YANGIDAN TASHKIL KILINGAN TO‘LQIN OILAVIY SHIFOKORLIK PUNKTINING OCHILISH MAROSIMI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

To‘lqin ovuli hududida yangidan tashkil qilingan To‘lqin oilaviy shifokorlik punktining ochilish marosimi o‘tkazildi.

Shu yil 19 may kuni bo‘lib o‘tgan marosimda tuman hokimi o‘rinbosari Rashid Salayev, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh onkologi Mirzog‘olib Tillashayxov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Murod  Qurbanov, tuman Tibbiyot birlashma boshlig‘i Faxriddin Abdullayev, ovul fuqarolar yig‘ini mas’ullari, faollari va tibbiyot xodimlari ishtirok etdilar.  

Yig‘ilishni tuman hokimining o‘rinbosari Rashid Salayev ochib berdi va mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq bugun, hattoki, eng chekka qishloqlarda ham shahar markazlaridagidan qolishmaydigan zamonaviy shifo maskanlari qad rostlayotgani, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini davr talablari darajasiga ko‘tarishga alohida e’tibor berilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar, ovul aholisi hududdagi tibbiyot muassasasi foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolgani tufayli, shifokor xizmatiga ehtiyoj sezilganida tuman markaziga borishga to‘g‘ri kelayotgani, bu keksa va yosh bolalar sog‘ligini nazorat qilish, davolanishlarida qiyinchilik, noqulayliklar tug‘dirayotgani, tibbiyot maskanining qayta tashkil etilgani bu aholiga ayni muddao bo‘layotgani aytib o‘tishdi.

Ta’kidlanganidek, 2017 yilda To‘lqin qishloq vrachlik punkti optimizatsiya qilinib, faoliyati to‘xtatilgan edi. Ammo aholining murojaatlari, tumandan olis hudud ekanligi inobatga olinib, oilaviy shifokorlik punkti sifatida faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi. Hozirda bu yerda 3 nafar shifokor va 12 nafar o‘rta tibbiyot xodimi aholiga malakali xizmat ko‘rsatish uchun jalb etilgan.

Marosimda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash Vaziri  Murod  Qurbanov ham so‘zga chiqib, Prezidentimizning Farmonlari va videoselektor yig‘ilishlarida belgilangan vazifalarning ijrosi sifatida Amudaryo tumanidagi To‘lqin ovulida hamma shart-sharoitlarga ega oilaviy shifokorlik punkti yangidan ish boshlagani, ular malakali shifokorlar va tibbiyot xodimlari bilan ta’minlangani,  bu esa o‘z navbatida aholining birlamchi tibbiy xizmat qamrovini va sifatini  ta’minlanishini ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng, lenta kesildi va barcha yig‘ilganlar tibbiyot maskanida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib chiqdilar.

Tibbiyot maskanida aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan barcha imkoniyatlar yetarli. Ayollar, bolalar va keksalar uchun alohida xonalar, shuningdek, stomatologiya bo‘limi, laboratoriya, kunduzgi statsionar ham mavjud. Yangi ish boshlagan oilaviy shifokorlik punkti zarur tibbiy asbob-anjomlar, jihozlar bilan ta’minlangan. Qolaversa, shifokorlarning samarali faoliyat yuritishi, shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

To‘lqin ovuli faollari va aholisi endilikda tibbiy xizmatdan foydalanish uchun tuman markaziga borib yurmasliklari, kuz-qishning sovug‘i, bahor oylaridagi yog‘ingarchilikda aholi sarson bo‘lmasligi, o‘z qishlog‘ida yaqin masofada joylashgan tibbiyot maskanida profilaktik emlash, kunduzgi statsionarlarda davolanish imkoniyatiga ega bo‘lganligini aytib, Prezidentimizga, Sog‘liqni saqlash Vazirligiga o‘z minnatdorchiligini bildirdilar.

Ozoda Xudoyberganova.