Oliy Majlis Senatining 25-yalpi majlisida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Oliy Majlis Senatining 25-yalpi majlisida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Ma’lumki, joriy yil 28-29 aperl kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tgan edi. Yalpi majlisda 21 ta masala, shu jumladan 10 ta Qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

 19 may kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Senatning yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan masalalar, muhokama qilingan qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini tushuntirish va jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Sanobar Xo‘jamuratova, Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi kotibiyati mudiri Mansur O‘razbayev shuningdek, tumandan saylangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari hamda tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Sanobar Xo‘jamuratova yalpi majlis davomida ko‘rib chiqilgan maslalar yuzasidan ma’ruza qildi.

 Shundan so‘ng, “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasining mazmun-mohiyati yuzasidan tuman Pochta aloqa bo‘limi boshlig‘i Shakir Gaipovning ma’ruzasi tinglandi.

Qayd etilganidek, Qonun loyihasi pochta aloqasining xavfsizligini ta’minlash choralari to‘g‘risidagi yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Qolaversa davlat tomonidan pochta aloqasini xalqaro normalar va standartlarga muvofiq rivojlantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilangan.

“Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasining mazmun-mohiyati bilan “Qoraqalpoqsuvta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati Amudaryo tumani filiali boshlig‘i Sanjar Muratov tanishtirib o‘tdi. Qonun ichimlik suvidan foydalanish bilan bog‘liq barcha masalalarni tartibga solishga xizmat qiladi.

 Yig‘ilish davomida “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Shundan keyin “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi to‘g‘risida tuman Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Botir Atabillayev ma’lumot berdi.

 Ta’kidlanganidek, mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida, shu jumladan ko‘p kvartirali uylarni saqlash va undan foydalanishda qonun buzilish holatlarini oldini olishga hamda aholining xavfsiz yashashiga sharoit yaratib berilishiga erishiladi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining “Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi bilan tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Aydos Seyitov tanishtirib o‘tdi.

Shundan so‘ng, “Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Senat Qarori ijrosi yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilov axborot berdi.

 Axborotda ta’kidlanganidek, Yoshlar muammolarini mahallabay mexanizm asosida tizimli bartaraf etish bo‘yicha “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, “Yoshlar daftari”ni yuritish va “Yoshlar dasturi”ni amalga oshirish bo‘yicha muhim yo‘nalishi belgilab olingan.

 Yig‘ilish kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman hokimligining Bolalarni himoya qilish masalalari sho‘’basi mudiri Jahongir Xolmurodovning ham axboroti tinglandi. Ma’ruzada bolalarni himoya qilish borasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

 Yig‘ilish ishtirokchilari kun tartibida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutasaddilarga murojaat qilib, tegishlicha javoblar oldi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.