3-sektor rahbariyati tomonidan Qizilcholi mahallasida sayyor qabul o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Inson manfaati – eng oliy qadriyatdir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar negizida ayni maqsad ustuvor o‘ringa qo‘yilayotgani joylardagi o‘zgarishlarda yaqqol sezilmoqda. Binobarin, odamlarni rozi qilish, ularning huquq va manfaatlari himoyasi yo‘lidagi sa’y-harakatlar amaliy natijasini bermoqda.

Ayniqsa, aholi muammolarini yechishning mutlaqo yangi, samarali tizimini yaratish maqsadida davlat organlari va korxona-tashkilot rahbarlarining xalq orasiga kirishini ta’minlaydigan sayyor qabullar odamlar hayotida muhim o‘rin tutmoqda. Buni Amudaryo tumanidagi sektor rahbarlari tomonidan o‘tkazib kelinayotgan sayyor qabullar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

19 may kuni tumanning Qizilcholi mahallasi hududidagi 9-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosida 3-sektor mas’ullarining navbatdagi sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman 3-sektor rahbari, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xudoyberganov, tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov hamda tegishli korxona va tashkilot mas’ullari ishtirok etdi.

Dastlab, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xudoyberganov tomonidan mahalla institutining ustunlari hisoblangan mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisining faoliyat yo‘nalishlari tahlil qilindi.

Shuningdek, mazkur lavozim egalariga mahallalarda “xonadonbay” va “fuqarobay” ishlash bo‘yicha tavsiyalar berib o‘tildi.

Shundan so‘ng, tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov mahallalarda yangidan joriy qilingan hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi muammolarni joyida hal qilayotganligini e’tirof etib, buning natijasida tuman Xalq qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar sezilarli darajada kamayganligini aytib o‘tdi. Shu barobarida Xalq qabulxonasiga kelib tushayotgan birorta ham murojaat hech qachon e’tibodan chetda qolmasligini, iloji boricha ijobiy yechim topishini ta’kidladi.

Shuningdek, tumanimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro uchun, tuman Xalq qabulxonasi eshiklari doimo ochiqligi, har bir fuqaro o‘z muammolari bilan bemalol murojaat qilishlari mumkinligini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng, aholining muammo va takliflaridan iborat murojaatlari tinglandi.

Uchrashuv davomida aholidan kelib tushgan har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, tegishli sohaviy tashkilot rahbarlariga murojaatlarni o‘z vaqtida, adolatli va xolis ko‘rib chiqish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi hamda ijrosi sektor rahbari tomonidan nazoratga olindi.

Bunday uchrashuvlarning o‘tkazilishi aholining turmush farovonligini yanada yaxshilash, eng muhimi muammolarni ijobiy hal etish orqali xalqni rozi qilish uchun xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Zero, xalq bilan muloqot, ularning dardu tashvishi bilan yashash eng asosiy maqsad bo‘lib, uning ro‘yobi yurtimiz ravnaqiga, uning yanada gullab-yashnashiga, fuqarolarning tinch, osuda, farovon hayot kechirishlarini ta’minlashga xizmat qilib kelmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.