KUYUK KO‘PIR OVUL FUQAROLAR YIG‘INI RAISI SAYLOVI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizning barcha hududlaridagi kabi Amudaryo tumanida ham joriy yilning 16 may sanasidan fuqarolar yig‘inlari raisligiga saylovlar boshlandi. Saylov jarayonlari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.

19 may kuni Kuyuk ko‘pir ovulida ham fuqarolar yig‘ini raisi saylov bo‘lib o‘tdi. Hududdagi 19-sonli maktab binosida bo‘lib o‘tgan saylovda ovul fuqarolari nomidan jami 252 nafar vakillar qatnashdi.

Ma’lumki, 2022 yil 16 mart kuni Oliy Majlis Senati Kengashining tomonidan “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Ushbu qarorga va O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, tumanda har bir ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida saylovlarni o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi.

Saylovni oshkoralik, tenglik va shaffoflik tamoyillariga amal qilgan holda yuqori saviyada tashkil etish maqsadida xalq deputatlari tuman Kengashining qarori bilan saylovni tashkil qilish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi tuzildi hamda tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Komissiya tarkibiga idora va tashkilotlarning rahbarlari, deputatlar va jamoatchilik vakillari jalb etildi.

Kuyuk ko‘pir ovulida aholi o‘rtasida fuqarolar yig‘inlari raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan saylovga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha tushuntirish ishlari tashkil etildi. Ko‘chalar, xonadonlardan fuqarolarning vakillik normasi belgilanib, vakillar ro‘yxati tasdiqlandi. Hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikrini inobatga olgan holda fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzodlar bo‘yicha takliflar tayyorlandi.

Fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga oliy ma’lumotga ega, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan, tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish tajribasiga, shuningdek hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan shaxslar nomzod qilib ko‘rsatildi.

Ishchi guruh hamda saylovni tashkil qilish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi tomonidan barcha nomzodlar o‘rganib chiqilib, tuman hokimi tomonidan Karimova Tamara Otaxonovna hamda Shermetov Jo‘rabek Xolimbetovichlar nomzodlariga kelishim berildi.

Saylovda har ikkala nomzod dastlab barchani o‘z dasturi bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasiga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisini saylash yashirin ovoz berish orqali amalga oshirildi.

Ovozlarni sanash natijalari bo‘yicha sanoq komissiyasi tomonidan Karimova Tamara Otaxonovnaga 127 nafar, Shermetov Jo‘rabek Xolimbetovichga 121 nafar vakillar ovo bergani ma’lum qilindi. Ovoz berishda ishtirok etgan vakillarning yarmidan ko‘prog‘ining ovozini olgan nomzod – amalda ovul fuqarolar yig‘ini raisi lavozimida ishlab kelayotgan Karimova Tamara Otaxonovna fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga saylandi.

Tumanimizning boshqa hududlarida ham fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga saylov jarayonlari qizg‘in davom etmoqda.

O.Xudoyberganova