MUZAFFARNING ISH KUNLARI

Туман янгиликлари

Mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok qilish, xalq hayotiga oid muammolar yechimini topish va bu muammolarni ijobiy hal etish – deputatning birinchi galdagi vazifasidir. Chunki bugungi xalq va saylovchi bundan 30 yillar oldingi davr odamidan dunyoqarashi, orzu-intilishlari, hatto oldiga qo‘ygan maqsad va rejalari jihatidan ham keskin farq qiladi.

Shu bois, Amudaryo tumanidagi Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 18-Xitoy saylov okrugidan deputati Muzaffar Yeshchanov har gal saylovchilari bilan uchrashganida saylov okrugi hududida istiqomat qiluvchi har bir fuqaro, har bitta oila va xonadon hayotiga doir yutuq va muammolarni avvaldan sinchiklab o‘rganadi. O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzodi ko‘rsatilgan deputat aholi tomorqa xo‘jaligini yuritish bo‘yicha erishilayotgan muvaffaqiyatlar zamiridagi fidoyi mehnat, ilg‘or tomorqachilarning tajribalari, innovatsion g‘oyalarini ommalashtirish orqali hududdagi kam daromadli, tomorqa yeridan unumli foydalanmayotgan oilalarda har bir qarich yerdan samarali foydalanish bo‘yicha tashviqot ishlarini olib boradi. Bu esa aholining o‘zini o‘zi ish bilan bandligini ta’minlash imkonini beribgina qolmay, hudud aholisi farovonligini oshirishda tomorqa xo‘jaligining ahamiyati qanchalik muhimligini anglash imkonini beradi.

U Toshkent Davlat agrar Universitetini tugatib, 2008 yilda “Sho‘r qal’a” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi sifatida ilk mehnat faoliyatini boshlagan kunlaridanoq xalq ichiga kirib borish, ular bilan birga mehnat qilish, quvonch-u tashvishlarini birgalikda baham ko‘rish orqali kundalik ish rejalarini muvaffaqiyatli, to‘siqlarsiz amalga oshirish mumkinligini anglab yetdi.

O‘zi faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaligi ishchilarining orzu-niyatlariga yo‘ldosh bo‘ldi, mummolariga yelka tutdi. Keksalarning duosini olib, yoshlar bilan bamaslahat ish yuritdi. Natijada u kasbidan kamol topdi, nainki xalq, balki tuman rahbariyati ishonchiga sazovor bo‘ldi.

Keyinchalik Amudaryo tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limining irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlari va qurilmalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi, Amudaryo tumani Namuna muqobil mashina-traktor parki raisi, “Amudaryotex” xorijiy korxonasi agronomi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi meliorativ ekspeditsiyasi Amudaryo meliorativ uchastkasi boshlig‘i vazifalarida sidqidildan xizmat qildi.

O‘zi mehnat qilgan jamoalarda hamkasblarining, rahbar sifatida ishchi-xodimlarining, tug‘ilib-o‘sgan mahallasida esa eldoshlarining ishonch va hurmatiga sazovor bo‘ldi.

U qaysi jamoada, qay lavozimda ishlashidan qat’iy nazar, bir vaqtning o‘zida “Muzaffar Yeshchanov” fermer xo‘jaligiga ham rahbarlik qildi. Paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha “Muzaffar Yeshchanov” fermer xo‘jaligini tumandagi ilg‘or qishloq xo‘jalik korxonalari safiga olib chiqdi.

U saylov okrugi hududidagi mahallalarda xotin-qizlar faollari, ko‘cha boshchilari va nuroniylar ishtirokidagi har bir uchrashuvida Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mazmun-mohiyati xususida tushunchalar berib kelmoqda. Xususan, kam daromadli, ehtiyojmand oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha o‘z rejalari, bu borada davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor yuzasidan saylovchilarning fikrlari, takliflarini o‘rganishdan aslo charchamaydi.

Muzaffar Yeshchanov ayni paytda Namuna mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman hokimi yordamchisi sifatida faoliyat yuritib, deyarli har kuni xalq bilan birga. U Namuna mahallasi hududidagi barcha ko‘chalar va aholi punktlarida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga bosh-qosh. Qolaversa, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” ro‘yxatlariga kiritilgan fuqarolarning muammolari va murojaatlarini mas’ullarni jalb qilgan holda joyiga chiqib o‘rganish, ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlaridan saylovchilar ham, mahalla ahli ham mamnun.

Muzaffar Yeshchanovning ham deputat, hokim yordamchisi sifatidagi faoliyat ko‘lami ancha keng. O‘zi tug‘ilib-o‘sgan Namuna mahallasi, qolaversa, 18-Xitoy saylov okrugi hududida yashovchi saylovchilar ishonchini oqlash, xalqning dard-u tashvishlariga sherik bo‘lib yashashni o‘z zimmasidagi mas’uliyatli vazifa deb biladi. Oilada esa amunali umr yo‘ldosh va mehribon ota. Rafiqasi bilan ikki o‘g‘il, ikki qizni ilmli-ma’rifatli qilib voyaga yetkazishmoqda.

Deputat va hokim yordamchisi, namunali fermer xo‘jaligi rahbari, ibratli oila sohibi Muzaffar Yeshchanovning har bir ish kuni xalq bilan birga, unga ishonch bildirgan saylovchilar davrasida o‘tadi. Zero, insonlarning dardu tashvishlari bilan yashash odamiylikning eng oliy mezonidir.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.