Telekommunikatsiya xizmatlarining sifati nazorat qilinmoqda

Туман янгиликлари

“Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” Davlat dasturining bajarilishi yuzasidan axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish sohasida ham belgilangan vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda Respublikamizning barcha hududlarida “Mahallabay” va “Xonadonbay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu tizim asosida korxona va tashkilot mutasaddilari ham hududlarda bo‘lib, ovul va mahallalarda mavjud muammo va kamchiliklarni o‘rganib, ularning ijobiy hal qilinishiga erishishmoqda.

Jumladan, O‘zkomnazorat davlat inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respubliikasi hududiy inspeksiyasi xodimlari tuman va shaharlarda bo‘lib, ovul va mahallalarda ko‘rsatilayotgan telekommunikatsiya xizmatlarining sifati, infrastruktura ob’ektlari va pochta-aloqa binolarida o‘rganish ishlarini olib borishmoqda.

Shu o‘rinda aytish kerakki, mazkur yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi bo‘yicha 200 dan ortiq mahalla va ovullarda internet tarmoqlariga ulanish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar davomida 465 ta kamchiliklar aniqlanib, tezkorlik bilan bartaraf qilindi va iste’molchilarning sifatli internet aloqasi olishga bo‘lgan huquqlari buzilishining oldi olindi.

O‘zkomnazorat davlat inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy inspeksiyasi tomonidan xalq ta’limi bo‘limi, maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash bo‘limlari, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari binolarida yaratilgan  telekommunikatsiya infrastrukturasi ahvoli, ko‘rsatilayotgan telekommunikatsiya  xizmatlari sifati tizimli ravishda nazorat qilib borilmoqda.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida mavjud 779 ta xalq ta’limi tasarrufidagi muassasalar, 394 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari, 237 ta sog‘liqni saqlash muassasalari, 422 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida telekommunikatsiya infrastrukturasi yaratilgan bo‘lib, yuqori tezlikdagi internet xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

Amudaryo tumanidagi Oybek mahalla fuqarolar yig‘inida telekommunikatsiya operatori tomonidan liniya-kabel xo‘jaligini tartibga keltirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida eski mis kabellar optik tolali aloqa kabelariga almashtirilmoqda.

Shuningdek, tumandagi 55-sonli umumta’lim maktabi tuman telekommunikatsiya tarmog‘i tomonidan yuqori tezlikdagi internet xizmatlari bilan ta’minlandi.  

Bundan tashqari, tumanda pochta-aloqa sohasida yangidan yo‘lga qo‘yilgan davlat xizmatlari, bank xizmatlari va boshqa turdagi xizmat turlarining aholiga xizmat ko‘rsatish darajasini aniqlash maqsadida monitoring o‘tkazildi. Amudaryo tumanidagi barcha pochta-aloqa obe’ktlari yuqori tezlikdagi internet va zamonaviy kompyuter texnikalari bilan to‘liq ta’minlangan.

 Amudaryo tumanida aholiga qulaylik yaratish, uzog‘ini yaqin qilish maqsadida pochta-aloqa ob’ektlarida 34 turdagi davlat xizmatlari ishga tushirilgan. Shuningdek 2 xil turdagi bank xizmatlari, kommunal to‘lovlar va 100 dan ortiq boshqa xildagi to‘lovlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Aytish joizki, telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish va ilg‘or jahon tajribasiga asoslangan eng zamonaviy aloqa xizmatlarini joriy etish qisqa vaqt ichida “Raqamli O‘zbekiston”ga o‘tish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

 Tuman hokimligining Axborot xizmati.