Rag'bat ta'lim sifatini oshiradi

Туман янгиликлари

Ayni kunlarda butun mamlakatimizda bo'lgani kabi Amudaryo tumanidagi umumta'lim maktablarida ham joriy o'quv yili yakuni munosabati bilan "So'nggi qo'ng'iroq", "Xayr maktabim" hamda ular doirasidagi turli tadbirlar bo'lib  o'tmoqda. Tuman Xalq ta'lim bo'limiga qarashli 36-sonli umumta'lim maktabida ushbu tadbirlar ko'tarinki ruhda tashkil etildi.

Aytish kerakki, maktabimizda ota-onalar bilan hamkorlikda ishlashga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. 2021-2022 o'quv yili yakuni bo'yicha yig'ilishlar o'tkazilib, farzandlarining ta'lim-tarbiya jarayonidagi ko'rsatkichlari, yutuq va kamchiliklari haqida ota-onalar bilan suhbatlashildi.

Suhbat chog'ida ota-onalarga yozgi ta'til jarayonida farzandlar tarbiyasiga va sog'ligiga yanada e'tiborli bo'lish lozimligi, ta'qiqlangan cho'milish joylariga jo'natmaslik, yozgi ta'til qoidalariga amal qilish kerakli tushuntirildi.

Suhbat doirasida joriy o'quv yilini muvaffaqiyatli yakunlagan boshlang'ich sinf o'quvchilari hamda ularning  ota-onalarini rag'batlantirishga alohida e'tibor qaratildi.

Xulqi, odobi hamda ilmga chanqoqligi bilan tengdoshlariga namuna bo'layotgan o'quvchilarning ota-onalariga tashakkurnomalar berilib, farzandi tarbiyasiga mas'uliyati uchun minnatdorchilik bildirildi.

Shuningdek, mazkur o'quv yilida bolajonlarning boshlang'ich ta'lim olishlarida o'zining munosib hissasini qo'sha olgan, yaxshi natijalar ko'rsatayotgan, fidoyi va shijoatli boshlang'ich sinf o'qituvchilari ham munosib rag'batlantirildi. Ta'kidlash kerakki, bu kabi ishlar ta'lim-tarbiya sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Davletov Vahobjon,

36-sonli maktabning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari