Amudaryo tumanida fuqarolar yig‘inlari raisi saylovi oshkoralik va muqobillik prinsiplari asosida o‘tkazilmoqda

Туман янгиликлари

Mahalla bu − o‘zini o‘zi boshqarishning o‘ziga xos o‘zbekona, boshqa mamlakatlarda o‘xshashi topilmaydigan modeli bo‘lib hisoblanadi. Mahalla mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlarda katta ahamiyatga ega bo‘lganligi bois o‘zgarishlarni bevosita mahalla fuqarolar yig‘inlarisiz tasavvur qilish qiyin.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining tegishli qaroriga muvofiq shu oyda yurtimizning barcha hududlarida muhim ijtimoiy-siyosiy tadbir − fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi o‘tkazilmoqda. Bu muhim siyosiy tadbirning namunali o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi va bevosita mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib boruvchi ishchi guruhlari tashkil etilgan.

Bu yil tumanimizdagi 49 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham yig‘in raisini saylash jarayonlari oshkoralik, muqobillik va teng saylov prinsplari asosida o‘tkazilmoqda. 16 may kunidan boshlangan saylov jarayonlari qizg‘inlik bilan davom etmoqda. 27 may sanasiga qadar tumanimizning 43 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida saylovlar o‘tkazilib, vakillar tomonidan yashirin ovoz berish yo‘li orqali nomzodlardan eng munosiblari yig‘in raisi qilib saylandi.

Tumanimizning barcha hududlarida bo‘lgani singari Qizilcholi mahalla fuqarolar yig‘inida ham saylov jarayonlari oshkora va shaffof tarzda o‘tkazildi.

Ma’lumki, fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga oliy ma’lumotga ega, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan, tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish tajribasiga, shuningdek hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan shaxslar nomzod qilib ko‘rsatiladi.

Qizilcholi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan Mansur Atajanov hamda Shavkat Ibraimovlar ham mahalladoshlari orasida alohida obro‘ va e’tiborga ega shaxslar bo‘lib, o‘z mahallasi uchun ko‘plab hayrli ishlarni amalga oshirganlar.

Saylov kuni nomzodlar mahallani har tomonlama rivojlantirish hamda aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z dasturlarini vakillar e’tiboriga havola qilishdi.

Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra Shavkat Ibraimov Qizilcholi mahalla fuqarolar yig‘ii raisi lavozimiga saylandi. Ma’lumot uchun, Shavkat Ibraimov 1975 yilda tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. U 2009 yildan buyon “Kuyuk ko‘pir Oltinko‘zi” biolaboratoriyasi mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi. Saylov yakunida Shavkat Ibraimov mahalladoshlariga bildirgan ishonchi uchun minnaddorlik bildirib, mahallaning obodligi va farovonligi uchun fidokorona mehnat qilishga so‘z berdi.

26 may kuni Amudaryo tumanining Beruniy nomli mahalla fuqarolar yig‘inida ham fuqarolar yig‘ini raisi saylovi bo‘lib o‘tdi.

Saylovga qadar ishchi guruh hamda saylovni tashkil qilish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi tomonidan barcha nomzodlar o‘rganib chiqilib, tuman hokimi tomonidan Muratbay Xaybullayev hamda Bobur Allaberganov nomzodlariga kelishim berilgan edi.

Saylovda har ikkala nomzod barchani o‘z dasturi bilan tanishtirdi.

Nomzodlar o‘z dasturlarida mahallada faoliyat olib borayotgan hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, hamda yoshlar yetakchisi bilan samarali tarzda hamkorliki yo‘lga qo‘yishlarini, shuningdek, jamiyatning asosiy bo‘g‘ini − oila institutini mustahkamlash, aholining yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha o‘z rejalarini bayon qilishdi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasiga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisini saylash jarayoni yashirin ovoz berish orqali amalga oshirildi.

Sanoq komissiyasi tomonidan natijalar e’lon qilindi hamda eng ko‘p ovoz olgan Muratbay Xaybullayev Beruniy mahalla fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga saylandi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, fuqarolar yig‘ini raisi saylovi muhim demokratik jarayon bo‘lib, mazkur saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarimiz unda faol ishtirok etish orqali davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni bevosita mahallada davom ettiruvchi shaxsni tanlash huquqiga ega bo‘ladilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.