YILIMIZNING DASTLABKI HOSILI – PILLA XIRMONI BO‘Y TIKLAMOQDA

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani nafaqat Qoraqalpog‘iston, balki mamlakatimiz miqyosidagi paxta va pilla yetishtirish bo‘yicha yirik tumanlardan biri hisoblanadi. Tumanda har yili qariyb davlatga 230 tonnadan ziyod yuqori sifatli sanoat xom ashyosi – pilla hosili yetkazib beriladi.

Joriy 2022 qishloq xo‘jalik yilining dastlabki hosili – pilla xom ashyosini yetishtirish maqsadida pillachilik tarmog‘iga ega fermer xo‘jaliklarida mavsum yumushlariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, pillakorlar o‘z ixtiyorlaridagi tut plantatsiyalarida bahorgi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirdilar. Avvaldan mavjud bo‘lgan, kuzgi va bahorgi ko‘chat ekish mavsumlarida yangidan bunyod etilgan tutzorlarni oziqlantirish, qurigan shoxlarini butash va kallaklash ishlari bajarilib, ularning hosildorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Ipak qurti boqish mavsumiga puxta hozirlik ko‘rilib, qurtxonalarda ta’mirlash, ohaklash kabi mavsumoldi tadbirlari olib borildi.

“Jayxun Silk” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ipak qurti boqish mavsumiga 4163 quti ipak qurti urug‘i zooveterinariya qoidalari asosida jonlantirilib, pillachilik tarmog‘iga ega fermer xo‘jaliklarining ijarachi pillakorlariga shartnoma asosida tarqatib berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyul kungi Qarori hamda Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori ijrosini ta’minlash maqsadida pillakorlarga yetishtirilgan ho‘l pilla hosilining har bir kilogrammi uchun o‘rtacha 24 ming 700 so‘mdan pul berilishi belgilangan. Bundan tashqari, hukumat Qaroriga ko‘ra, yetishtirilgan ho‘l pilla hosilining har bir kilogrammi uchun 5000 so‘mdan subsidiya ajratilishi orqali 2022 yilgi pilla hosilining har bir kilogrammi uchun belgilangan narx 29 ming 700 so‘mni tashkil etishi ko‘rsatilgan. Bu esa pillakorlarimizning moddiy manfaatdorligini oshirish imkonini beradi.

Ayni kunlarda amudaryolik pillakorlar yilimizning dastlabki hosilini pilla qabul qilish maskanlariga topshirmoqdalar.

“Jayxun Silk” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli pilla qabul qilish maskanida dastlabki pilla karvonini qabul qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda “O‘zbekipaksanoat” Uyushmasi raisi o‘rinbosari Hamidjon Ochilov ishtirok etib, amudaryolik pillakorlarni pilla topshirish mavsumining boshlanishi bilan qizg‘in tabrikladi.

Pillachilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari, soha mutaxassislari va ilg‘or ijarachi pillakorlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur yig‘ilishda “O‘zbekipaksanoat” Uyushmasi raisining o‘rinbosari Hamidjon Ochilov tumanda ipak qurti parvarishlash mavsumini muvaffaqiyatli tashkil etgan pillachilik agronomlari va ilg‘or pillakorlarga minnatdorchilik bildirib, ularga Uyushma tomonidan sovg‘alar topshirdi.

Xususan, pillakorlar Rohatoy Qurbonova, Manzura Yerdosheva, shuningdek, yig‘ilishda ishtirok etgan Xo‘jayli “Agropilla” korxonasi raisi Rohatoy O‘rozimbetova, pillachilik agronomlari Sharifboy Allamberganov Usman Xo‘jametov va Mohimjon Sobirovalarni yilning dastlabki hosili – sifatli pilla xom ashyosi yetishtirish bo‘yicha samarali faoliyat yuritganlari uchun chin dildan tabrikladi.

Shu kuni dastlabki hosil taroziga qo‘yilib, pillani qabul qilish boshlab yuborildi. Ilk kunning o‘zidayoq “Jayxun Silk” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli pilla qabul qilish maskanlari orqali 10 tonnadan ziyod yuqori sifatli pilla hosili qabul qilib olindi. Ayni paytda amudaryolik pillakorlar tomonidan pilla qabul qilish maskanlari orqali kuniga 11-12 tonnadan pilla hosili qabul qilib olinmoqda.

***

Amudaryo tumanining pilla xirmoni yuksalishida To‘lqin ovuli hududidagi fermer xo‘jaliklarining ijarachi pillakorlari hissasi katta bo‘lmoqda. Mohir pillakorlar erishayotgan yutuqlar quvonarli.

Ipak qurti boqish mavsumida har yili 1-1,5 quti qurt urug‘ini agrotexnika qoidalariga muvofiq parvarishlab, zimmasidagi shartnomaviy rejasini hamisha oshirib ado etib kelayotgan Azimaxon O‘rozboyeva joriy yil ipak qurti parvarishlash mavsumida 1 quti qurt urug‘ini zooveterinariya qoidalari asosida parvarishlab, yuqori sifatli pilla hosili yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi. U 19 gramm ipak qurti urug‘idan rejadagi 57 kilogramm o‘rniga 70 kilogramm hosil olib, zimmasidagi majburiyatini ham oshirib ado etdi.

To‘lqinlik pillakorlar orasida Azimaxon opa kabi mohir pillakorlar ko‘p. Mavsumda 1 quti ipak qurti urug‘idan rejadagi 57 kilogramm o‘rniga 84 kilogramm yuqori sifatli pilla hosili yetishtirib, shartnomaviy rejasini ham, majburiyatini ham oshirib ado etgan Matluba Saidametova to‘lqinlik pillakorlarga karvonboshilik qilmoqda.

Ovuldagi yana bir mohir pillakor Umida Qurbonboyeva ham 19 gramm ipak qurti urug‘ini astoydil parvarishlab, joriy yil pilla topshirish mavsumini muvaffaqiyatli  yakunladi. U shartnomaviy rejadagi 57 kilogramm o‘rniga 72 kilogramm hosil olishga erishdi.

Amudaryo tumani pillakorlarining shijoatlari baland. Qabul maskanlarida yetishtirilgan mo‘l pilla hosilini yig‘ishtirib olish, sifati buzilmasidan pillani qabul qilish maskanlariga topshirish va pillani quritish, g‘umbagidan ajratish va saralash ishlari qizg‘in olib borilmoqda. 237 tonnalik Amudaryo “kumush tola” xirmonini yaratish borasidagi barcha tadbirlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.