Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Akmal Ismailov, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Nilufar Jumaniyazova hamda umumta’lim maktab direktorlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilish kun tartibida dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11-maydagi “2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida” gi farmoni bo‘yicha Nilufar Jumaniyozova ma’ruza qildi. U o‘z so‘zida “2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur” 1-ilovaga muvofi tasdiqlanganligi, dasturning asosiy yo‘nalishlari etib Milliy o‘quv dasturni to‘laqonli joriy etish, jamiyatda o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirish, o‘qituvchilarning o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berish mas’uliyatini, doimiy kasbiy talabchanligini oshirish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, maktablarda ma’naviy-ma’riy ishlarni tizimli tashkil etishga qaratilganligi to‘g‘risida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi  Prezidentining 2022 yil 11 maydagi “Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Qarori xususida ham to‘xtalib, 2022 yil 1 sentabrdan namunali maktablarning reytingi shakllantirilishi, maktablar reyting ko‘rsatkichlari asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratilishi, 2022 yil 1 avgustga qadar umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ichki tartib va odob-axloq qoidalari qayta ko‘rib chiqilishi kabi bandlari bo‘yicha tushuncha berib o‘tdi.

Shundan so‘ng, tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Akmal Ismailov 2024 yil 1 sentabrga qadar Milliy o‘quv dasturining ta’lim jarayoniga to‘liq joriy etilishi, shu jumladan 2022 yil yakuniga qadar 3-, 6-, 7- va 10-sinflar uchun, 2023-2024 yillarda 4-, 5-, 8-, 9-, 11-sinflar darsliklar bilan ta’minlanishi, maktablarda Xalq ta’limi bilan kelishgan holda o‘quv jarayoniga xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarini joriy etish va darsliklarni tanlash (ona tili, adabiyot, tarix, tarbiya va huquq fanlaridan tashqari) huquqi berilishini aytib o‘tdi. Yig‘ilish yakunida umumta’lim maktab direktorlari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib tegishli javoblar oldilar.

Tuman Xalq ta'limi bo'limi mudiri o'rinbosari I.Radjapov