“Ayollar daftari”da turuvchi ayollarga huquqiy maslahatlar berildi

Туман янгиликлари

Keyingi yillarda xotin-qizlarga qaratilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik sababli mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida shijoatli, fidoyi opa-singillarimiz faol ishtirok etib, Vatanimiz ravnaqi va taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Xususan, ijtimoiy, siyosiy jarayonlarda xotin-qizlarning to‘liq va teng huquqli ishtiroki ta’minlanmoqda. Davlat organlarining barcha bo‘g‘inlarida qaror qabul qilish jarayonidan tortib, uni hayotga tatbiq etish jarayonigacha ular bevosita ishtirok etmoqda.

Shuningdek, joylarda har bir ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar bilan manzilli ishlash maqsadida 2020 yildan boshlab “Ayollar daftari” tashkil etildi. Yaqinda Amudaryo tumanining Qilichboy ovul fuqarolar yig‘ini binosida “Ayollar daftari”da turuvchi 50 dan ortiq ayol-qizlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudi raisi Qayrulla Atamuratov, tuman hokimining o‘rinbosari Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova, Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining devonxona mudiri Elyor Jumaniyozovlar ishtirok etishdi. Shuningdek, yig‘ilishda Qilichboy, Xolimbeg, Ayoqchi, Do‘rman, Qoramon, Bo‘z solma, Tosh qal’a, Besh ovul, Amir Temur va Xizr eli ovul hamda mahallalarida yashovchi “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar, shu hududlarning faol xotin-qizlari qatnashdi.

Uchrashuv “Ayollar daftari”da turuvchi ayollarga huquqiy maslahatlar berish, mavjud muammo va kamchiliklarini o‘rganish hamda takliflarini tinglash maqsadida tashkil etildi.

 Ma’lumki “Ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, boquvchisini yo‘qotgan, mehnatga qobiliyatiga ega bo‘lmagan, I guruh nogironligi bor, noturar joylarda istiqomat qilayotgan, qaramog‘ida bir va undan ortiq I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan bolalari bo‘lgan yolg‘iz ayollar shuningdek, tibbiy himoyaga, huquqiy yordam olishga muhtoj, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, ijtimoiy muammolari mavjud hamda psixologik maslahatga muhtoj xotin-qizlar kiritiladi.

Uchrashuv davomida huquqiy maslahatga muhtoj xotin-qizlar tomonidan aliment undirish uchun qanday hujjatlar zarurligi, yashayotgan hovlisini kadastrdan o‘tkazish bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi murojaatlar yuzasidan batafsil tushuntirish hamda tavsiyalar berib o‘tdi.

Undan tashqari, yig‘ilishda tuman hokimi o‘rinbosari Go‘zal Saburova ayol-qizlarni qo‘llab quvvatlash har qachongidan ham yuqori darajaga ko‘tarilganligini ta’kidlab, ayollar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng, xududlardan kelgan “Ayollar daftari”ga kiritilgan 12 nafar ayol-qizlar o‘zlarini qiynayotgan, yechim topilmayotgan muammoldarini aytib, huquqiy yordam so‘rab murojaat qildilar. Murojaatlarning har biri bo‘yicha Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi mas’ullari tomonidan huquqiy tushuntirishlar berildi.

Darhaqiqat, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tashkil etilishi, kelgusi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq budjetdan qoplab berilishi hamda ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish tizimi joriy etilgani xotin-qizlar uchun ko‘plab imkoniyat eshiklarini ochmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlarning roli tobora mustahkamlanib borishida muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Q.Atamuratov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi.

E.Jumaniyozov, Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi devonxona mudiri.