1-iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab bayram tadbiri o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni butun dunyo bolalari uchun eng beg‘ubor va quvonchli bayram hisoblanadi. Albatta, bolalar bu dunyo, bu hayot mazmunining ajralmas qismidir. Bolalar o‘z tabassumlari orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otadilar. Ko‘zlarida ezgulik va mehr qalqib turgan bolajonlar musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirg‘ochlarga o‘xshashadi.

Har yili butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni keng nishonlanib kelinadi. Ushbu bayramda kelajagimiz egalari uchun turli konsertlar, ko‘rgazmalar, sayillar, sport musobaqalari va turli xil tadbirlar o‘tkaziladi. Istirohat bog‘lari esa bolalarning tabassumlari bilan go‘yoki mo‘’jizalar dunyosiga aylanadi.

1 iyun kuni Amudaryo tumanining Mang‘it shahridagi madaniyat va istirohat bog‘i ham bolalar kulgusi bilan yanada nurafshon bo‘ldi. Istirohat bog‘ida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab katta bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, muassasa, korxona va tashkilotlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev tadbirga yig‘ilgan barcha bolajonlarni bayram shodiyonasi bilan samimiy qutlab, ularning kelgusidagi o‘qish va ishlarida ulkan zafarlar tiladi. Shuningdek, bolalarning komil inson bo‘lib voyaga yetishlari uchun mamlakatimizda yaratilgan barcha shart-sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Aytish kerakki, bugun yurtimizda ertangi kun egalarining barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Ularning bepul ta’lim olish, tibbiy xizmatdan foydalanish va boshqa huquqlari Qonun bilan kafolatlab qo‘yilgan.

Tadbir davomida turli musobaqa va bellashuvarda qatnashib, yuqori natijalarga erishgan bolajonlarning yutuqlari e’tirof etilib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Bayram sovg‘alari, sha’niga bildirilgan iliq so‘z va tilaklar bolajonlarning dilida katta tassurot va yorqin iz qoldirdi. Bolajonlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ularni yanada yangi marralar va zafarlar sari undadi.

Tadbir tuman Madaniyat bo‘limi san’atkorlari, maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalarining raqs dastalari ijrosida baxtli bolalik, ozod va obod Vatanimizni tarannum qiluvchi kuy-qo‘shiqlar va raqslar bilan davom etdi. O‘z tengdoshlari tomonidan mahorat bilan ijro etilan kuy-qo‘shiqlar, raqslar va sahna ko‘rinishlarini bolalar maroq bilan tomosha qilishdi.

Darhaqiqat, ota-ona uchun dunyoda bolajonlar kulgusi va shodligidan aziz ne’mat yo‘q. Tiniq nigohi va biyron tili bilan olamdagi jamiki ajoyibotlarni o‘rganishga, mushohada qilishga urinayotgan bolakayning nurli chehrasiga boqqan har qanday inson hayot tashvishlarini unutadi. Farzandining saodatli va baxtiyor damlarini ko‘rib yashash har bir inson umrining asosiy mazmunidir.

Yana bir bora yurtimizdagi barcha bolajonlarni 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan samimiy tabriklaymiz! Siz – Vatanimizning kelajagi, ertangi kunimiz egalarisiz. Shunday ekan, ilm-fan, kasb-hunar sirlarini puxta egallab, kelajak sari dadil qadam tashlang! Buyuk bobolarimizga munosib izdosh, el-yurtimizga kamarbasta avlod, ota-onangiz orzu qilgan farzand bo‘lib voyaga yeting, aziz bolajonlar!

Tuman hokimligining axborot xizmati.