“BIR NURONIY O‘N YOSHGA MAS’UL” NOMLI TABDIR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda keksalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasi va ijtimoiy faolliklarini yanada oshirish maqsadida Prezidentimizning qator Farmon va Qarorlari qabul qilingan. Tumanimizda ushbu hujjatlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha hokimlik va tegishli tashkilotlar tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida mahallalarda hayotiy va katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan obro‘-e’tiborli nuroniylar va ziyolilarni ishsiz, tarbiyasi og‘ir va muammoli yoshlarga biriktirish orqali ularni jamiyat uchun foydali insonlar bo‘lib yetishishlariga ko‘maklashish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda tumandagi mavjud 49 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi 490 nafar muammoli yoshlarga 70 nafar faol nuroniylar biriktirildi.      

Joriy yilning 3 iyun kuni tumandagi “Xon saroy” mehmonxonasi restoranida fuqarolar yig‘inlarida jamoatchilik asosida faoliyat yuritib kelayotgan, mahallalarda “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyilini qaror toptirishda tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan ijtimoiy faol nuroniylar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Nuroniylarga to‘kin dasturxon yozilib izzat-ikrom ko‘rsatildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad– fuqarolar yig‘inlaridagi “Keksalar maslahati” guruhlari va “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashlari a’zolarini, katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan nuroniylarni “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida tarbiyasi og‘ir, ma’naviy ko‘makka muhtoj, uyushmagan, ishsiz, muammoli yoshlarga biriktirish orqali ularga ko‘mak berish bo‘yicha o‘zaro tajriba va fikr almashishdan iborat.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari, “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Tursinbay Abdijabbarov, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev hamda bir guruh faol nuroniy otaxonlar qatnashdilar.

Tadbir davomida Tursinbay Abdujabbarov nuroniylarga yoshlar tarbiyasiga befarq bo‘lmaganligi, ayrim muammoli yoshlarni otaliqqa olib, ularga har tomonlama ko‘mak berayotganliklari uchun o‘zining chuqur minnaddorligini bildirdi.

Shu bilan birga, tadbirda belgilagan ishlar samaradorlagini oshirish maqsadida mahallalarda keksa avlod vakillari va yoshlar ishtirokidagi uchrashuvlarni o‘tkazish orqali yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash hamda hayotda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, yoshlarni diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan turkum tadbirlar tashkil etishni an’anaga aylantirish, “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida har bir mahalla fuqarolar yig‘inida nuroniylarni yoshlarga biriktirish bo‘yicha yangi tizimni joriy etishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir davomida keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun mamlakat bo‘ylab sayohatlarni tashkil etish, imkoniyati cheklangan hamda yolg‘iz keksalarga moddiy yordam ko‘rsatish va ularni manzilli ijtmoiy himoya qilish maqsadida pensiya, ijtimoiy va tibbiy ta’minot xizmatining ta’sirchan mexanizmlarini yaratish hamda nazorat o‘rnatish kabi muhim masalalar bo‘yicha so‘z yuritildi.

Shuningdek, tadbirda jamoat ishlarida faol, mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishga, jinoyatchilik va ajrimlarning oldini olishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi qoshidagi “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari, Bekmon ota Allabeganov 75 yoshga to‘lishi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, tuman hokimligi hamda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan pul  mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbirda tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenbayev, bo‘lim boshlig‘i maslahatchisi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi raisi, “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi raisi Bahadir Baltabayev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari Mahsud Sadullayev, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘linmasi raisi Sardor Ismailov, “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari, Sanobar Xo‘jamuratovalar loyihani amalga oshirish borasida o‘zaro fikr almashib o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Tadbir tuman Madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi  bilan davom etdi.

Mahalla− ajdodlarimizning yuksak tafakkurini, urf-odatlar va an’analarini o‘zida mujassam etgan, jahon ahli havas qiladigan ezgu qadriyatlarimiz ko‘zgusidir. Bugungi kunda bu noyob tuzilmaga yangicha ma’no-mazmun baxsh etilayotgan “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoili yoshlarning barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishlari, hayotda o‘zining munosib o‘rnini topishlari uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.

     

B.Baltabayev,

Amudaryo tumani Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i maslahatchisi,

“Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi raisi