“Besh muhim tashabbus olimpiadasi”ning tuman bosqichi g‘oliblari munosib taqdirlandi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati izchillik bilan amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda kelajagimiz egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratildi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yoshlarning madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Besh muhim tashabbus” doirasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

4 iyun kuni Amudaryo tumanining Do‘stlik mahallasi hududidagi 2-sonli Bolalar-o‘smirlar sport maktabi o‘yingohida “Besh muhim tashabbus olimpiadasi”ning tuman bosqichi yakunlanishi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektorlar rahbarlari, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari, hokim o‘rinbosarlari hamda musobaqalarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan shijoatli yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev barcha yoshlarni “Besh tashabbus olimpiadasi”ning mahalla, sektor hamda tuman bosqichlarida muvaffaqiyatli qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgani bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, 17 ta yo‘nalishda o‘tkazilgan bellashuvlar, tanlovlar va musobaqalar yuqori saviyada tashkil qilinib, unda 27 ming dan ortiq yoshlar faol ishtirok etishganini e’tirof etib o‘tdi.

Shundan so‘ng, “Besh tashabbus olimpiadasi”da faol qatnashgan va yuqori natijalarga erishgan yoshlarni taqdirlash jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun aytish kerakki, tadbirlarning tuman bosqichida 405 nafar yoshlar g‘olib va sovrindarlar qotoridan joy olib, ular orasidan 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan 144 nafar yoshlar hududiy bosqichga yo‘llanma oldilar. Bugungi kunga qadar hududiy bosqichning 4 ta yo‘nalishi bo‘yicha yakuniga yetgan musobaqalarda 3 nafar yoshlar Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Xususan, professional shaxmat bo‘yicha ayol-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda O‘zbekiston mahallasidan Rayxona Shamuratova, “Yosh kitobxon oila” tanlovida Do‘rman ovulidan O‘rinboyevlar oilasi alohida e’tirofga sazovardir.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarini tizimli tashkil etish va o‘tkazish uchun davlat budjetidan har yili 50 mlrd. so‘m miqdorda mablag‘ ajratilishi yoshlarga berilayotgan katta e’tiborning yorqin namunasidir.

Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” hamda boshqa maxsus umumrespublika sport musobaqalari davomida g‘olib va sovrindorlarni tayyorlagan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari va trenerlar malaka attestatsiyasiga jalb etilmasligi hamda va ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri malaka toifalari berilishi ustoz va murabbiylarimiz uchun ham katta imkoniyatdir.

Aytish kerakki, “Besh tashabbus” doirasida o‘tkazilayotgan musobaqlar, tanlovlar va bellashuvlar zukko kitobxonlarni, madaniyat va san’at sohasining yetuk vakillarini, axborot texnologiyalari bo‘yicha yetakchi mutaxassislarni hamda dunyo tan olgan sportchilarni kashf qilish va saralashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

“Besh tashabbus olimpiadasi”ning tuman bosqichda faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan intiluvchan o‘g‘il-qizlarga keyingi bosqichlarda ham omad tilaymiz.

Amudaryo tumani hokimligining Axborot xizmati.