Gulzor mahallasida jami 90 ta xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi

Туман янгиликлари

Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan xalqchil va oqilona siyosat yurtimizning barcha hududlari yashovchi aholi hayotida o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda. Jumladan, Amudaryo tumanining markazi, ovul va mahallalarida ham katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, mahallalar ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda.

Tumanning me’moriy qiyofasini yaxshilash, yangi-yangi binolar barpo qilish va hududlarni obodonlashtirish ishlari zamirida avvalo, odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratish maqsadi mujassamdir.

O‘z uy-joyiga ega bo‘lish har bir insonning o‘zini baxtli his qilishi, to‘kin yashashi, ezgu istaklarini ro‘yobga chiqarishida muhim omillardan biri bo‘lib hisoblanadi. 5 iyun kuni tumanning Gulzor mahallasi hududida barpo etilgan ko‘p qavatli arzonlashtirilgan uy-joylarni o‘z egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari ishtirok etishdi. Dastlab, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev yangi xonadon egalarini ayotlaridagi unutilmas voqea bilan samimiy tabrikladi.

Shuningdek,  keyingi yillarda qurilayotgan arzonlashtirilgan uy-joylarning asosiy qismi ijtimoiy himoyaga, uy-joyga muhtoj, ko‘p bolali oilalar farzandlari uchun ajratilayotgani mamlakatimizda yuritilayotgan xalqchil siyosatning yorqin namunasi ekanligini ta’kidladi.

Yangidan qurilgan uy-joylarning eng muhim afzal tomoni − bu binolarning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanib, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob’ektlariga yaqin hududda joylashganidir. Yangi massivlarda qurilgan va qurilayotgan avtomobil yo‘llari, suv, gaz va elektr tarmoqlari, bolalar bog‘chalari, savdo shoxobchalari, sport maydonchalari  aholining qulay shart-sharoitlarda yashashi uchun kompleks tizimni hosil qilmoqda.

 Ma’lumot uchun, Gulzor mahallasi hududida 15,6 mlrd.so‘m mablag‘ evaziga 3 ta 5 qavatli, jami 90 ta xonadonli uy-joylar qurildi. Ushbu uy-joylarning qurib bitkazilgani va foydalanishga topshirilgani uy-joyga muhtoj yurtdoshlarimiz uchun katta sovg‘a bo‘ldi.

Tadbirda ishtirok etganlar yangi xonadonlarda to‘ylar bo‘lishini, oilalarida kamolga yetayotgan farzandlar ota-onasiga, el-yurtimizga munosib xizmat qiladigan ilm-ma’rifatli insonlar bo‘lib voyaga yetishini, xonadon sohib va sohibalari yangi qo‘shnilar bilan ahil-inoqlikda, hamjihatlikda yashab, tumanimizning eng namunali mahallasiga aylanishiga tilakdosh bo‘ldilar.

Ishonamizki, yangi xonadonlarga ko‘chib kirayotgan 90 ta oila davlatimiz va jamiyatimiz hayotida faol ishtiroki bilan yurtimizdagi eng ibratli oilalarga aylanishadi.

Tadbir davomida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev xonadonlar egalarini tabriklab, yangi uy-joylarda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Shu kundan e’tiboran tumanimizning Gulzor mahallasida aksariyat qismi yosh oilalardan iborat bo‘lgan 90 ta xonadondan iborat yangi aholi yashash maskani paydo bo‘ldi. Ularning yuzlarida shukronalik, hayotdan rozilik, davlatimiz siyosatidan mamnunlik tuyg‘ulari mujassam. Zero, mamlakatimizda olib borilayotgan odilona siyosat zamirida ham inson qadrini ulug‘lash, odamlarning hayotdan rozi bo‘lib, ertangi kunga ishonch bilan yashashlariga erishish maqsadi mujassamdir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati