“Qaldirg‘och” bolalar oromgohi bolajonlarni o‘z bag‘riga chorladi

Туман янгиликлари

Yurtimizda yoshlarning bilimli, zukko, shu bilan birga sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, ularning yozgi ta’tilini maroqli va mazmunli o‘tkazish maqsadida respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Amudaryo tumanida ham “Qaldirg‘och” bolalar yozgi oromgohi ish boshladi. Oromgohda bu yilgi sog‘lomlashtirish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. 3 iyun kuni ushbu oromgohning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda sektorlar rahbarlari — tuman prokurori, 2-sektor rahbari Aziz Ro‘zmetov, 3-sektor rahbari, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xudoyberganov, 4-sektor rahbari, tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Aydos Seitov, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Akmal Ismailovlar ishtirok etishdi.

Dastlab tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov barcha bolajonlarni ushbu oromgohning ochilishi bilan samimiy tabriklab, bolalarni oromgohga qabul qilish va ular bilan ishlashish borasida oromgoh ma’muriyatining rejalari haqida batafsil to‘xtab o‘tdi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, oromgohda bolalarning dam olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, ko‘rkam suv havzalari, shaxmat maydonchalari va turli yangi turdagi arg‘amchoqlar ularning sevimli dam olish maskaniga aylanishi shubhasiz.

Tuman Halq ta’limi bo‘limi mudiri Akmal Ismailov bolalarga ta’til bekorga berilmaganligini, ushbu uzoq tanaffusdan foydalanib, bilim olish uchun kuch to‘plashlari, issiq yoz imkoniyatlaridan kelib chiqib, tanasini chiniqtirib olishishlari kerakaligini, ko‘proq badiiy kitoblar o‘qib, dunyoqarishini kengaytirishlari zarurligini aytib o‘tdi.

Huquq-tartibot organlari vakillari bolalarga oromgohda xavfsizlik qoidalarga rioya qilgan holda harakatlanishlari zarurligini eslatib, zaruriy tavsiyalarini berishdi.

Ushbu oromgohda tumanimizda mavjud 87 ta maktablarning 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilari qamrab olingan. Ahamiyatli jihati, oromgohda bolajonlarga tajribali shifokorlar xizmat ko‘rsatishadi. Ularning salomatligi, tozaligi, orastaligi, ovqatlanish tartibi shifokorlarning doimiy e’tiborida bo‘ladi. Shuningdek, dam oluvchilarning xavfsizligini ta’minlash ham doimiy nazorat qilib boriladi.

Oromgohda bolajonlarga oliy ma’lumotli, tajribali tarbiyachilar, yetakchilar jalb etilgan bo‘lib, ular ham o‘quvchilarning maroqli dam  olishlariga, intellektual bilim va salohiyatlarini oshirishlariga qaratilgan turli tanlov va musobaqalar o‘tkazadilar. Mazkur oromgohda 9 avgustga qadar 500 nafar o‘quvchi dam olishi rejalashtirilgan. Ushbu vaqt mobaynida ular vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bilan birga ko‘plab do‘stlar orttiradilar.

Oromgohda haftaning har bir kuni alohida tassurotlarga boy tarzda kechadi. Yosh kitobxon, xorijiy tillar, musiqa, rasm va boshqa to‘garaklar mashg‘ulotlari orqali bolalarning bilim darajasi mustahkamlab boriladi. O‘g‘il-qizlarning futbol, voleybol, basketbol, badiiy gimnastika, shaxmat-shashka, stol tennisi, suzish va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, bunday shart-sharoitlar ularning sog‘lom o‘sishi, bilim va dunyoqarashini kengaytirib, ona yurtimizga, uning betakror tabiatiga mehrini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘z tengdoshlari orasida miriqib dam oluvchi bolajonlar uchun bu yilgi dam olish mavsumi bir umrga unutilmas lahzalar bilan yodda qolishi shubhasiz.

Tuman hokimligining Axborot xizmati