Keyingi yillarida yurtimizda xalqimiz salomatligini mustahkamlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va saviyasini yuksaltirish, ayniqsa, onalar va bolalar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Amudaryo tumanida ham olis va chekka hudud bo‘lgan Namuna mahallasi aholisi uchun Tibbiyot birlashmasi shifokorlari va tor doiradagi mutaxassislari, 6-sonli oilaviy poliklinika shifokorlari bilan hamkorlikda "Inson qadri uchun" aksiyasi ostida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
3 iyun kuni hudud bo‘yicha sektor rahbari tashabbusi bilan Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrdagi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan mazkur tibbiy ko‘rik yurtimizda aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yuksaltirishga qaratilayotgan e’tiborning bir namunasi bo‘ldi. Tibbiy ko‘rikda terapevt, pediatr, kardiolog, onkolog, ginekolog, otoloringolog, oftalmolog, endokrinolog, stomatolog, nevropatolog mutaxassislar ishtirok etdilar. Shuningdek, ko‘rik davomida, dispanser hisobida turgan bemorlar, nogironlar, xotin-qizlar va bolalar salomatligiga alohida e’tibor qaratildi.
Shu kuni mahallaning 350 nafar aholisi UZI, 328 nafari flyurografiya, 140 nafari EKG, 392 nafari klinik laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Ahamiyatlisi, shifokorlar qabuliga kelish imkoni bo‘lmagan, xatlov natijasiga ko‘ra 4-guruhga mansub 4 nafar bemorlardan ham xonadonlariga borilgan holda xabar olindi va uy sharoitida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shifokorlar tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra aniqlangan kasalliklarga ko‘ra ambulator va statsionar davo choralari bo‘yicha kerakli tavsiyalar berishdi.
Aniqlangan bemorlarning besh nafariga Birlashmaning jarrohlik bo‘limiga, ikki nafar kardiologiya bo‘limiga, tug‘ish yoshidagi ayollardan 3 nafariga ginekologiya bo‘limida davolanish uchun yo‘llanmalar berildi. Onkologik kasallik xavfi bo‘lgan bir nafar bemorga mutaxassis shifokor tomonidan davo muolajalari belgilandi. Qandli diabet kasalligi aniklangan yana bir bemor endokrinolog shifokor tomonidan tavsiyalar berildi. Yurak qon-tomir kasalligi bo‘lgan 38 nafar, teri-tanosil kasalliklari bo‘lgan 12 nafar, lor kasalliklari bo‘lgan 14 nafar bemorlarga ambulator davo choralari buyurildi. Miopiyasi bo‘lgan 12 nafar bemorga mos dioptriydagi ko‘zoynaklar tavsiya qilindi.
Shuningdek, 202 nafar 3-guruhga mansub “D” nazoratda turgan bemorlarga ambulator davolar berilib, oilaviy poliklinka hisobidan dori-darmonlar bilan taminlandi. Yetmish yoshdan oshgan 24 ta nuroniylarga “Kalsiy D-3” tabletkasi 4-guruhga kiritilgan Rajab Xolmenovga nogironlik aravachasi berish rejalashtirildi. Jombul Tajiboyevga esa nogironlik nafaqasi tayinlash uchun kerakli hujjatlarni shakllantirish boshlab yuborildi.
Tibbiy ko‘rik natijasida jami 202 nafar bemorga ambulator muolaja va 11 nafar bemorga statsionarga yo‘llanma berildi.
Tadbirda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, fuqarolarning tibbiy bilim va madaniyatini oshirish, kasalliklarni ilk davrida aniqlash va davolash choralarini ko‘rishga kabilarga ham e’tibor qaratildi.
Tibbiy ko‘rik o‘tkazish bilan birga, hozirgi vaqtda keng tarqalgan yuqumli kasalliklar, o‘pka, diabet, onkologik, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, profilaktika qilish va davolash usullari, sog‘lom turmush tarzi va faol jismoniy harakatning ahamiyati tushuntirildi. Tibbiyot birlashmasining salomatlik bo‘limi shifokorlari tomonidan shaxsiy gigiyenaga rioya qilish va sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollik, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillari to‘g‘risida ma’ruzalar qilindi hamda mavzuga oid bukletlar tarqatildi.
Namuna mahallasi aholisi chekka hududlar aholisining salomatligini muhofaza qilishga yaqindan yordam berish maqsadida shu yerning o‘zida tibbiy ko‘rik tashkil etilgani, o‘zlariga qaratilgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan nihoyatda mamnun bo‘ldilar. Bu kabi sayyor tibbiy ko‘riklar aholiga katta qulaylik yaratish bilan birga, shifokorlarning o‘zaro tajriba almashishlari, davolashdagi ilg‘or ish uslublarini o‘rganishlariga, kasbiy bilim va malakalarini oshirishga yaqindan yordam beradi.
J.Yavkashev, tuman TTB shifokori.