Fermerlarga g‘alla yetishtirish va sotishda bozor tamoyillari joriy etilganining afzalliklari tushuntirilmoqda

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, 2022 yil 11 may kuni g‘allachilik sohasidagi islohotlarning muhim bosqichiga bag‘ishlab o‘tkazgan yig‘ilishida, hosildorlikni yuqori darajaga olib chiqish va shu orqali bozorda sotiladigan don hajmini ko‘paytirish hamda narx-navo barqarorligini ta’minlashning yagona to‘g‘ri yo‘li bozor narxlariga o‘tish ekanligini ta’kidlab o‘tgan edilar.

Yuqorida ko‘rsatilgan salbiy holatlarining oldini olish va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini manzilli qo‘llab-quvvatlash hamda respublikada don yetishtirish hajmlarini sezilarli darajada oshirish maqsadida joriy yilning 28 may kuni fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klasterlarining moddiy manfaatdorligini oshirish hamda sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorning mazmun-mohiyatini fermerlarga tushuntirish va targ‘ib qilish maqsadida 3 iyun kuni tuman hokimligining majlislar zalida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi savdo-sanoat palatasi boshlig‘i Ajiniyoz Siytaxov boshchiligida o‘tkazildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, qaror qabul qilinishidan asosiy maqsad, birinchi navbatda g‘alla yetishtiruvchilarning, shu jumladan, fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligini oshirish va shu asosda g‘alla hosildorligi va yalpi hosil yetishtirish hajmlarini keskin oshirishga zamin yaratishdir.

 Bu o‘z navbatida ichki bozorni bug‘doy va un mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashga zamin yaratadi hamda sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi.

Shuningdek, Olis, borish qiyin bo‘lgan va tog‘li hududlarga un va un mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi. Qarorga ko‘ra, donni qabul qilish va omborlardan chiqarish jarayoni tezkor va shaffof amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida d-xarid.uz axborot tizimi ishga tushiriladi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar g‘allachilikda bozor mexanizmlarini joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad bug‘doy uchun narxlarning barqarorligini ta’minlashdan iborat ekanligi, bunga esa fermer va klasterlar g‘allasini birja savdolariga olib chiqish orqali ularning shaxsiy manfaatdorligini oshirish va ular yetishtirayotgan g‘alla hosildorligini ko‘tarish orqali erishish mumkinligi ta’kidladilar.

Yig‘ilish davomida fermerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib tegishlicha javoblar oldilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati