O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Amudaryo tumanida sport sohasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga har qachongidan ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ko‘plab Farmon va Qarorlar, davlat dasturlari qabul qilindi. Chunki, aholi salomatligini mustahkamlash, yoshlarni barkamol, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali yurtimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish davlatimiz siyosatining eng ustuvor vazifasiga aylandi. Buning yana bir muhim jihati, mamlakatni sportchalik tez dunyoga tanitadigan soha yo‘q.
Bugun yurtimizning qaysi hududiga bormang, muhtasham sport saroylari, zamonaviy talablar darajasida bunyod etilgan stadionlar, sport zallariga ko‘zingiz tushadi.
Albatta, eng chekka hududlardan ham iqtidorli bolalarni tanlab olib, ularni professional yondashuvlar asosida tarbiyalash bu sohani yanada rivojlantirish, yangi chempionlarni kashf qilish orqali xalqaro arenalarda O‘zbekiston bayrog‘ini yanada balandroq ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda keyingi yillarda sport-ta’lim muassasalarini ko‘paytirib, ularning faoliyatini yaxshilash, bolalarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, bu ishlarga professional sport ustalarini jalb qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.
7-iyun kuni Amudaryo tumaniga O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Rustamjon Kazakov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Abatbay Daniyarovlar tashrif buyurdi.  
Mehmonlar dastlab, Amudaryo tumani sportni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Qurbonboyev G‘ulomjon hamrohligida Mang‘it shahrining Olmazor mahallasi hududidagi 1-sonli Bolalar-o‘smirlar sport maktabida bo‘lib, maktabda yaratilgan shart-sharoitlar maktabning moddiy texnik bazasi  bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan so‘ng, mehmonlar Do‘stlik mahallasi hududidagi 2-sonli Bolalar-o‘smirlar sport maktabiga tashrif buyurib, sport zalida milliy sport turlaridan biri− kurash bilan shug‘ullanayotgan bolalar bilan samimiy suhbatlashdilar.
Aytish kerakki, mahoratli murabbiylar biriktirilgan ushbu kurash to‘garagida shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlar soni kundan kunga oshib bormoqda.
Ushbu yoshlar o‘z murabbiylari kabi katta natijalarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston nomini dunyoga yanada tanitishga harakat qilishiga shubha yo‘q.
Tashrif yakunida vazir Adxam Ikramov tumanda sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarning erishgan yutuqlarini alohida e’tirof etib, sohani yanada rivojlantirsh bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.