BЕRUNIY NOMLI MAHALLADA KO‘RGAZMALI SЕMINAR VA DAVRA SUHBATI TASHKIL ETILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanining Beruniy nomli mahalla fuqarolar yig‘ini binosida “Eng namunali mahalla faoli” deb nomlangan ko‘rgazmali seminar va “Onajonlar o‘giti” nomli davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlarda tuman hokimi o‘rinbosari Go‘zal Soburova hamda fuqarolar yig‘ini mas’ullari, hudud aholisi ishtirok etdilar. Tadbir munosabati bilan tashkil qilingan ko‘rgazmada mahallada hunarmandchilik, tikuvchilik va yog‘ochdan uy-ro‘zg‘or  buyumlarini yasash orqasidan  o‘zini o‘zi band qilib, oilasiga daromad olib kelayotgan hunar egalari, ayol-qizlarning mehnat mahsullari namoyish etildi. Mazkur ko‘rgazma xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi, bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.

Mehmonlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan uy-ro‘zg‘or buyumlari, beshik, belanchak va yozgi kiyim-kechaklar, yumshoq o‘yinchoqlarni tomosha qilganlaridan so‘ng, hunarmandlarning mehnatlariga munosib baho berishdi. Chiroyli va mustahkam, sifatli ishlangan xaridorgir mahsulotlarga talab yuqoriligi tashrif buyuruvchilar tomonidan e’tirof etildi.

Tadbirda tuman hokimining oila, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Go‘zal Saburova xotin-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila va xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oila va xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, qishloqlardagi xotin-qizlarni kasb-hunarga, oilaviy va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, oilalar ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘zladi.

Bu kabi tadbirlar band bo‘lmagan ayol-qizlarning tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi, kasb-hunar o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlari ortishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, ustoz-shogird an’analarini yo‘lga qo‘yish, tumanda hunarmandlar rastalarini tashkil qilish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng, “Onajonlar o‘giti”  nomli davra suhbati boshlandi. Ushbu tadbir ham tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova, shuningdek, 40-sonli maktab direktori Sanobar Xo‘jamurodova, Beruniy nomli mahallada yashovchi nuroniy onaxonlar va yoshlar, mahalla faollari ishtirokida o‘tkazildi.

Tadbir davomidagi ayollarimizning oiladagi, farzand tarbiyasidagi rolini hamda ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish, odobli qiz, iffatli kelin, ma’rifatli ayol  qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi suhbatlar bilan qizg‘in, muhokamali tarzda bo‘lib o‘tdi.

Undan tashqari, suhbat davomida mahallada yashovchi Rima momo Rajabova “Mahallaning eng ibratli oila bekasi” va “Hunarmand ayol” sifatida, yoshlarga ibrat bo‘la oladigan Shukurjon Xo‘jamurodova “Mahallaning faol ayoli”, Sohibjamol Uzakbayeva esa ”Hunarmand qiz” sifatida e’tirof etildi.

”Onajonlar o‘giti” deb nomlangan davra suhbati davomida yoshi ulug‘ onaxonlarimiz tomonidan yosh oilalar bekalariga va qizlarga o‘zining xayotiy tajribasidan kelib chiqib berilgan kerakli maslahatlari, o‘gitlari  tinglandi.

Qiziqarli o‘tgan tadbirlar mahalla ahlida katta taassurotlar qoldirdi.

O.Xudoyberganova.