SЕKTORLAR RAHBARLARI BOZORLARDA NARX-NAVO BARQAROR BO‘LISHIGA E’TIBOR QARATMOQDALAR

Туман янгиликлари

Jahonda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlar tufayli bozorlarda narx-navo spekulyatsiyasining ildiz otishiga, ayrim mahsulot turlarining sun’iy taqchilligiga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori va dehqon bozorlarida kunlik kirib keladigan meva-sabzavot, g‘alla, go‘sht va non mahsulotlarining narxi so‘nggi haftalarda jiddiy oshgani xaridorlarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois, bozorlarimizdagi narx-navoning sun’iy oshishiga chek qo‘yish, sotuvchi bilan xaridor o‘rtasida tushunmovchiliklar kelib chiqishining oldini olish maqsadida Amudaryo tumanidagi sektorlar rahbarlari – 1-sektor rahbari, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, 2-sektor rahbari, tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov, 3-sektor rahbari, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xudoyberganov va 4-sektor rahbari, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Aydos Seitovlar har kungi ish faoliyatini bozordagi narx-navoni nazorat qilishdan boshlamoqdalar.

Ma’lumki, bug‘doy yetishtiruvchi fermer va dehqonlardan tortib, ishlab chiqaruvchi va iste’molchilar manfaatini ko‘zlagan holda un mahsuloti realizatsiya qilinishining bozor tamoyillariga asoslangan mexanizmi joriy qilindi. Ushbu masalada tushunmovchiliklar kelib chiqishining hamda narxlar asossiz oshirilishining oldini olish, nazorat o‘rnatish maqsadida sektorlar rahbarlari tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Aholi bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilib, un mahsuloti joriy yil iyun oyidan boshlab birja savdolariga yetarli miqdorda qo‘yilayotgani va bu jarayon ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgani, Respublikada un mahsuloti zahirasi shakllantirilgani, narx navolarning keskin oshib ketmasligi uchun zarur miqdorda un savdolarga qo‘yib borilishi tushuntirilmoqda.

Shulardan kelib chiqqan holda prokuratura va soliq organlari mutasaddilari ham non ishlab chiqaruvchi va sotuvchilarni hamda aholini bu borada havotirga tushmaslikka, sun’iy taqchillik vujudga keltirmaslikka chaqirmoqdalar.

Qolaversa, asosiy turdagi kundalik iste’mol mahsulotlarining rastalarda doimiy savdoda bo‘lishini ta’minlash, narx-navoning asossiz ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, sun’iy taqchillik kelib chiqishining oldini olish maqsadida to‘rtta sektor rahbarlari deyarli har kuni bozorlarda va savdo do‘konlarida nazorat ishlarini olib borishayotganidan xaridorlar ham mamnun.

Amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlari tufayli ayni kunlarda Mang‘it Dehqon bozorida mahsulotlar narxi sun’iy oshishining oldi olinmoqda.

Sektor rahbarlari narx-navoning sun’iy oshirib yuborilishiga hech qanday asos yo‘qligini, mamlakatimizda, xususan, Amudaryo tumanida ham xalqimiz ehtiyojini to‘liq ta’minlaydigan darajada oziq-ovqat mahsulotlari zahiralari mavjudligini ta’kidlab, sotuvchi va xaridorlarga bu borada zarur ma’lumotlarni ham taqdim etishmoqda.

Shu o‘rinda yurtdoshlarimizdan shuni iltimos qilamizki, qaysidir mahsulot narxi oshib ketar ekan yoki tugab qolar ekan degan asossiz mish-mishlarga ishonib, ehtiyojdan ortiq miqdorda sotib olish sun’iy taqchillik kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Shunday ekan, barcha yurtdoshlarimizni savdo va iste’mol madaniyatiga rioya qilishga chaqirib qolamiz.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.