FUQAROLAR TASHABBUSLI BUDJET JARAYONINING FAOL ISHTIROKCHISIGA AYLANMOQDA

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 sentabrdagi “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan  tadbirlarni moliyalashtirishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori fuqarolarni budjet jarayoniga jalb qilish orqali ularni qiynab kelayotgan muammolarning yechimini topish va jamoatchilikni budjet jarayonining ishtirokchisiga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Amudaryo tumanida ham o‘tkazilayotgan tashabbusli budjetlashtirish jarayonida fuqarolar o‘z murojaatlari bilan faol ishtirok etishib, o‘zlari yashab turgan hududlardagi o‘rinli va dolzarb muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, davlat budjeti mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlashga, shu bilan birga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqish jarayoniga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.

Xususan, tashabbusli budjet jarayonining joriy yildagi birinchi bosqichida jamoatchilik fikri va takliflari asosida hududiy va ichki komissiyalar tomonidan o‘rganishlar olib borildi. O‘rganishlar jarayonida eng dolzarb va yechimini kutayotgan muammoli murojaatlar saralab  olindi hamda eng ko‘p ovoz to‘plagan murojaat va takliflar g‘olib deb topilib, moliyalashtiriladigan bo‘ldi.

Unga ko‘ra, har bir g‘olib, deb topilgan taklif va  murojaat uchun tuman g‘aznachilik bo‘limida alohida hisobraqam ochilib, mazkur hisobraqamlarga mablag‘ o‘tkazish boshlandi va pudratchi tashkilotlarni aniqlash, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashga kirishildi.

Tashabbusli budjet jarayonining joriy yilgi birinchi bosqichi yakunlariga ko‘ra, To‘lqin ovuli hududidagi 33-sonli maktabga  o‘quvchilarning xavfsiz borib, kelishini ta’minlash maqsadida piyodalar yo‘lakchasini qurish bo‘yicha bildirilgan taklif g‘olib, deb topilib, mazkur taklifni moliyalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va Amudaryo tuman Obodonlashtirish boshqarmasi piyodalar yo‘lakchasini qurish bo‘yicha buyurtmachi tashkilot qilib belgilandi.

Shuningdek, Amudaryo tumanining Tor yop mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi Xo‘ja ovul – Qilichboy ichki yo‘lining 4 kilometr qismini joriy ta’mirlash to‘g‘risidagi fuqarolar taklifi ham g‘olib, deb topilib, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan ushbu yo‘lda ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish tez orada boshlanish arafasida.

Bundan tashqari, tashabbusli budjet jarayoninig birinchi bosqichiga Amudaryo tumani Toryop mahallasi hududidagi Dehqonbirlik ko‘chasining 1 kilometr qismini tuproq bilan ko‘tarish va tosh yotqizib, ta’mirlash bo‘yicha taklif ham g‘olib, deb topilib, mazkur ta’mirlash ishlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘lar hisob-kitob qilindi va byurtmachi tashkilot sifatida sifatida tuman Obodonlashtirish boshqarmasi belgilandi.

Fuqarolarning yana bir muhim taklifi – To‘lqin ovuli hududidagi 28-sonli maktab binosining isitish tizimlarini elektr energiyasi orqali isitish tizimiga o‘tkazish to‘g‘risida bo‘lib, mazkur taklif ham g‘olib bo‘ldi. Haqiqatdan ham o‘rganishlar jarayonida ma’lum bo‘ldiki, ikki qavatli bo‘lgan maktab binosi ko‘mir bilan isitilgani uchun binoning ikkinchi qavatida qish mavsumida mo‘’tadil iqlimni saqlab turishning imkoni yo‘q. Shu bois, isitish tizimini elektr energiyasiga moslashtirish dolzarb masala. Mazkur muammoli masalani  hal etish maqsadida zarur mablag‘lar ajratish masalasi ko‘rib chiqilib, Amudaryo tuman xalq ta’limi bo‘limi byurtmachi tashkilot sifatida belgilandi.

Amudaryo tumanining Arna bo‘yi mahallasidagi 27-sonli maktab binosini mukammal ta’mirlash, maktab uchun 4,5 kilometr uzunlikdagi tabiiy gaz tarmog‘ini tortish, maktabning tom qismi, eshik va derazalar hamda isitish tizimini to‘liq almashtirish yoki ta’mirlash, shuningdek, Xizr eli mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 47-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini joriy ta’mirlash bo‘yicha  takliflar  ham tashabbusli  budjet jarayonining birinchi bosqichi g‘oliblari, deb topildi.

Mazkur umumta’lim maktabi va maktabgacha ta’lim tashkiloti binolarida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan mablag‘lar, loyiha-smeta hujjatlari shakllantirilib, buyurtmachi tashkilotlar – Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limi hamda tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan sa’y-harakatlar boshlanmoqda.

Shunisi e’tiborliki, fuqarolar tashabbusli budjet jarayonida faol ishtirok etish oqrali o‘zlari yashab turgan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilmani yanada yaxshilashga munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.

Robiya Yo‘ldosheva.