Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Tajiyev Baxadir Sadullayevich Amudaryo tumaniga tashrif buyurdi

Туман янгиликлари

8 iyun kuni Amudaryo tumaniga Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Tajiyev Baxadir Sadullayevich tashrif buyurdi. Senator dastlab tuman hokimligining majlislar zalida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya loyihalari va davlat dasturlarini amalga oshirish, aholi bandligini ta’minlash, “mahallabay” ishlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ning yuritilish holati, fuqarolar murojaatlari, ayollar muammolarini tizimli hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilish davomida kun tartibida belgilangan masalalar yuzasidan mutasaddi idora-tashkilot vakillarining hisobotlari tinglanib, zaruriy tavsiya va takliflar berildi.

Shundan so‘ng cenator tuman hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova hamrohligida Choykul ovulida savatchilik bilan shug‘ullanayotgan ayol-qizlar faoliyati bilan tanishdi.

Choyko‘l ovulida “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayol-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mas’ullarning yordami bilan ularning 30 nafari kasanachilik orqali yuqori daromad manbaiga ega bo‘lishgan.

Choyko‘llik yana bir faol ayol – 1-bosqichda “Ayollar daftari”ga kiritilgan Zumrad Jabbarova mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullarining yordami bilan issiqxona tashkil qilgan. Mehmonlar mazkur issiqxonada bo‘lib, tadbirkor ayol bilan yaqindan suhbatlashdi. Dastlab 15 mln. so‘m, so‘ngra yana 25 mln. so‘m imtiyozli kredit olib, issiqxona barpo etgan va uni kengaytirgan oila bekasi bugungi kunda tomorqasidagi kichik biznesi orqasidan yuqori daromad olib, oila budjetiga daromad keltirmoqda.

Senator bilan suhbat davomida tadbirkor ayol issiqxonadan ko‘rgan daromadi, sabzavotlarni parvarishlab yetishtirish usullari hamda yuqori hosil olish yo‘llari haqida o‘z fikrlarini bayon etdi.

Tashrif davomida senator Choyko‘l ovulidagi “Mang‘it omad savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli klasterda intensiv usulda barpo etilgan uzum bog‘ida ham bo‘ldi. Ushbu uzumzorda yil yakuniga qadar 30 gektar uzum ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 14 gektar yerda ekish ishlari to‘la yakunlangan. Yana 16 gektar uzum kuz mavsumida ekiladi.

Senator ekilgan uzum navlari, hosildorlik darajasi bilan qiziqib, dehqonlar bilan suhbatlashdi hamda uzumchilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘zining tavsiyalarini berib o‘tdi.

Shundan so‘ng senator, tuman hokimi va hokim o‘rinbosarlari hamrohligida Gulzor mahallasi hududida 15,6 mlrd so‘m mablag‘ evaziga yangidan qurib bitkazilgan 3 ta 5 qavatli, jami 90 ta xonadonli uy-joylar massiviga tashrif buyurdi.

Senator xonadonlarga yangidan ko‘chib kelgan yosh oilalar bilan suhbatlashib, yangi uy-joy bilan samimiy tabrikladi.

Yangidan qurilgan uy-joylarning eng muhim afzal tomoni − bu binolarning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanib, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob’ektlariga yaqin hududda joylashganidir. Yangi massivlarda qurilgan va qurilayotgan avtomobil yo‘llari, suv, gaz va elektr tarmoqlari, bolalar bog‘chalari, savdo shoxobchalari, sport maydonchalari  aholining qulay shart-sharoitlarda yashashi uchun kompleks tizimni hosil qilmoqda.

Tashrif davomida senator “Amudaryo tomorqa xizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli tomorqa klasteri faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

Shundan so‘ng, mehmonlar Amir Temur nomli ovul hududida yangidan bunyod etilgan suv tozalash qurilmasining foydalanishga topshirilish marosimida ishtirok etishdi. Amir Temur nomli ovulda tuman hokimligining tashabbusi bilan ovul aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida suv tozalash qurilmasi va maxsus inshoot bunyod etildi. 5 mlrd. 300 mln so‘m evaziga bunyod etilgan mazkur suv tozalash markazi orqali ovuldagi 244 ta xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Inshootning foydalanishga topshirilish marosimida sektorlar rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, muassasa va tashkilotlar rahbarlari, ovul aholisi ishtirok etishdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Birlashgan millatlar tashkilotining hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda sayyoramizdagi 2 milliard aholi toza ichimlik suvidan bevosita foydalanish imkoniga ega emas. Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, jahonda 2000 yildan 2050 yilgacha bo‘lgan davrda suvga bo‘lgan global talab 55 foizga o‘sadi. Ayniqsa, O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlardan keladigan suv ta’minotiga bog‘liqligi yuqori darajada, ya’ni iste’mol qilinadigan suvning 80 foizi tashqaridan keladi. Shuning uchun ham har bir yurtdoshimiz suvni tejashga alohida e’tibor qaratishi kerak.

Suv tanqisligining salbiy oqibatlarini tumanning boshqa hududlariga qaraganda Amir Temur nomli ovul hududida yashovchi aholi ayniqsa ko‘proq his qilmoqda. Turkmaniston Respublikasiga chegaradosh hududda joylashgan Amir Temur nomli ovul oqar suv yo‘llarining oxirgi qismida, tumanning chekkasida joylashgan. Mazkur ovul ichimlik suvi tarmog‘iga ham ulanmagan. Endilikda yangidan bunyod etilgan suv tozalash qurilmasi yer osti suvlarini 35 metr chuqurlikdan, diametri 300 millimetr bo‘lgan 4 dona quvurlar orqali olib, keraksiz tuzlar va minerallardan tozalagan holda aholi iste’moli uchun yetkazib beradi.

Senator Bahodir Tajiyev tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, qishloq xo‘jaligi sohasidagi yutuqlarni e’tirof etdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati