Tumanda g‘alla o‘rim-yig‘imi oldidan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

G‘alla – rizq-ro‘zimiz, non – dasturxonimiz ko‘rki, fayzi hisoblanadi. Shu sababli ham dehqonlarimiz g‘allachilikda hosildorlikni oshirish, el-yurtimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga doimiy e’tibor qaratib kelishadi. Ayniqsa, amudaryolik g‘allakorlar har yili mo‘l hosil olib, yuksak xirmonlari bilan mamlakatimizda peshqadamlar safida kelmoqda.

Bu yil ham tuman fermerlarining dalalarida mo‘l hosil yetishtirildi. Tumanda 344 ta fermer xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan o‘tgan yil kuzda 6 ming gektar maydonga sara bug‘doy urug‘lari qadalgan bo‘lib, g‘allachilik klasterlari bilan don yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.

Bug‘doy urug‘i qadalganidan tortib, g‘alla hosili pishib yetilguniga qadar barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirildi. Natijada dalalarda mo‘l hosil to‘plandi. Yetishtirilgan mo‘l hosilni qisqa fursatlarda nes-nobud qilmay o‘rib-yig‘ib olish maqsadida barcha harakatlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

9 iyun kuni tumanning Qipchoq ovulidagi “Haytimbetov Sulton” fermer xo‘jaligida joriy yilgi g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumi boshlanishi munosabati bilan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Zohid Ziyadullayev, “Qipchoq g‘alla klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Bahrom Yo‘ldashev, qishloq xo‘jaligi bo‘limi mas’ullari, fermer hamda mexanizatorlar qatnashdilar.

 Seminar avvalida yoshi ulug‘ otaxonlar g‘alla maydonlarida yetishtirilgan bug‘doy navlari bu yil har yildagidanda o‘zgacha hosil yiqqanini ta’kidlab, yurtimizda mo‘l-ko‘lchilik, to‘kin-sochinlik dasturxonlarimizda noz-u ne’matlar bisyor bo‘lishini tilab duo qildilar. Qolaversa, bobodehqonlarga oldidagi mashaqqatli, shu bilan birga sharafli ishlarida kuch-quvvat tiladilar.

Shundan so‘ng seminar ishtirokchilariga 16 iyundan 5 iyulgacha davom etadigan o‘rim-yig‘im mavsumida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi keng turda tushuntirildi.

Seminarda ta’kidlanganidek, tumanimizda don qabul qilish shaxobchasi tomonidan joriy yilda jami 8 ming 960 tonna boshoqli don ekinlarini qabul qilish reja qilingan. Ushbu ishlarni uyushqoqlik bilan, tizimli ravishda amalga oshirish maqsadida shtab tashkil qilinib, 17 ta o‘rim otryadlariga 18 ta kombaynlar biriktirildi.

Bugungi kunda kombayinlar o‘rim yig‘im mavsumiga tayyor holatga keltirildi hamda mavsum davomida uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun ehtiyot qismlar zahiralari yaratildi. Kombaynlar bilan bir qatorda mavsumda don tashishga mo‘ljallangan hamda xizmat ko‘rsatadigan texnikalar ham jalb qilinib, ularning ham mavsum davomida to‘liq ishchi holatida bo‘lishini ta’minlash choralari ko‘rildi.

Qolaversa, mavsum davomida kombayn haydovchilariga yetarli shart-sharoit yaratib berish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy rag‘batlantirish masalalari ham alohida e’tiborga olindi.

Shuningdek, tumanda oziq-ovqat xavfsizligi hamda aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan muntazam ravishda ta’minlash maqsadida g‘alla maydonlaridan bo‘shaydigan yerlarnining 1 ming 997 gektariga takroriy ekinlar ekish reja qilinganligi qayd etib o‘tildi.

Seminar yakunida g‘alla maydonlarida o‘rim-yig‘im oldidan yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish, g‘allaning isrof bo‘lib o‘rilishiga yo‘l qo‘ymaslik, o‘rilgan g‘alla maydonlaridagi somonlarni yoqmaslik borasida fermer xo‘jaliklarining mutasaddi xodimlariga, g‘allakor va mexanizatorlarga tushuntirishlar berib o‘tildi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.