AMUDARYOLIK PILLAKORLAR YUKSAK “KUMUSH TOLA” XIRMONINI BUNYOD ETISHDI

Туман янгиликлари

Pillachilik – mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri sanalishi bilan birga, ipakchilik sanoatini rivojlantirish hamda ota-bobolarimizning boy madaniy merosi hisoblanadi. Shu bois, mazkur qadriyatni davom ettirish mustaqil davlatimizda muhim va dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Pillakorlarimiz tomonidan yetishtirilayotgan pilla salmog‘ini va har bir quti qurt urug‘idan olinadigan hosildorlikni talab darajasiga yetkazish maqsadida ozuqa miqdori  va sifati hamda ipak qurtining oziqlanish maydoni bilan bog‘liq masalalarni ijobiy hal qilish maqsadida pillachilik tarmog‘iga ega fermer xo‘jaliklarida mavjud tutzorlar parvarishiga alohida e’tibor qaratilayotgani bois, Amudaryo tumanida har yili pilladan yuqori hosil olinishiga erishilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 martdagi “O‘zbek ipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori Amudaryo tumanida pillachilik sohasidagi islohotlarning izchil amalga oshirilishiga turtki bo‘ldi.

Joriy yilda Amudaryo tumanida “Jayhun silk” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan 1980 nafar kasanachi oilalar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarga asosan amudaryolik mohir pillakorlar 4163 quti ipak qurti parvarishlab, pilla yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardilar. Davlat xazinasiga rejadagi 237 tonna o‘rniga 237 ming 40 kilogramm yuqori sifatli sanoat xom ashyosi yetkazib berldi.

Tumanning pillachilik sohasini rivojlantirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan O‘rta qal’a ovulida yashovchi tajribali pillakor Su’dulla To‘rayevning joriy yilda erishgan yutug‘i e’tiborga munosib. U zmmasidagi 86 kilogramm o‘rniga 142 kilogramm yuqori sifatli pilla hosili yetishtirib, O‘rta qal’alik pillakorlar orasida peshqadam bo‘ldi.

Yana bir kasanachi-pillakor Rustam Eshimov esa har bir quti ipak qurti urug‘idan o‘rtacha 65 kilogrammdan hosil yetishtirib, zimmasidagi 143 kilogramm o‘rniga 230 kilogramm pilla topshirishga muvaffaq bo‘ldi.

Shuningdek, zimmalaridagi shartnomaviy  rejalarini birinchilardan bo‘lib ado etgan Toshyop ovulida yashovchi kasanachi-pillakor Shahnoza Abdullayeva 57 kilogramm o‘rniga 84 kilogramm pilla hosili yetishtirib, yetishtirilgan hosilning barchasini yuqori navlarga  topshirdi.

Albatta, erishilgan yutuqlar pillakorlarimizning fidoyi mehnatlari natijasidir. Chunki ipak qurti parvarishlash mavsumining muvaffaqiyatli o‘tishi ko‘p jihatdan mavsumga tayyorgarlik ishlarining agrotexnika qoidalariga muvofiq tashkil etilishiga bog‘liq. Bunda ipak qurtining oziqlanish maydoni – tutzorlar hosildorligini oshirish borasidagi chora-tadbirlar muhim ahamiyatga ega. Shu bois, amudaryolik pillakorlar mavjud tutzorlarda kuzgi va bahorgi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, belgilangan reja asosida tashkil etib, har bir tup tut daraxtini qat’iy nazoratga oldilar. Avvaldan mavjud bo‘lgan tutzorlar kaliyli va fosforli o‘g‘itlar bilan oziqlantirilib, oralari yumshatildi. Dalalar chetlariga, ariqlar bo‘ylariga yangidan ekilgan tut ko‘chatlariga alohida shakl berilib, atroflari begona o‘tlardan tozalandi. Natija esa kutilganidan ziyoda bo‘ldi.

Ipak qurti parvarishi jarayonida barg yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammo kuzatilmadi va 237 tonnadan ortiq bo‘lgan Amudaryo “kumush tola” xirmoni bunyod etildi.

Xo‘jaliklar qurtxonalarida pilla terish jarayonlari hamon uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Joriy qishloq xo‘jalik yilining dastlabki hosil xirmonini yanada yuksaltirish maqsadida yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay davlat xazinasiga topshirish maqsadida pillakorlar hamjihatlik bilan mehnat qilishmoqda.

Aziz pillakorlarimiz boshlab bergan mehnat g‘alabasi Amudaryo tumani qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarishning turli sohalarida ham izchil davom etsin, deya tilakdoshlik bildiramiz.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.