Amudaryo tumani fermerlari g‘alla topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalq farovonligining yuksalishiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, boshoqli don ekinlarini yetishtirishga qaratilayotgan e’tibor dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizning barcha hududlarida, shu jumladan Amudaryo tumanida ham g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari tomonidan har yilgi shartnomaviy rejalar ortig‘i bilan bajarilib, yil davomida xalqimizni sifatli un va un mahsulotlari bilan ta’minlash imkoniyati oshib bormoqda.

Joriy yil hosili uchun tumanimizda 344 ta fermer xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 6 ming gektar maydonga g‘alla ekilib, tekis unib chiqqan bug‘doy maysalari agrotexnika qoidalari asosida parvarish qilindi.

 Fermer xo‘jaliklari tomonidan bug‘doy dalalarini kuz-qish mavsumida sug‘orish va oziqlantirish ishlariga katta e’tibor berilib, kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlar uyushqoqlik bilan tizimli ravishda amalga oshirildi.

Erta bahorda bug‘doy maysalarini sug‘orish va oziqlantirish, suspenziya sepish, zararkunandalarga qarshi kurashish va begona o‘tlardan tozalash tadbirlari davom ettirildi. Natijada yozning o‘rtalariga kelib dalalarimizda ko‘zni quvontiradigan, mo‘l hosildan darak beruvchi g‘alla boshoqlari bo‘liq bo‘lib yetildi.

Ayniqsa, klasterlar tashkil qilingani hamda g‘allani sotish jarayoniga bozor mexanizmlari joriy qilinayotgani fermerlarning moddiy manfaatdorligini oshirdi. Islohotlar natijasida bu yilgi mavsumdan boshlab yangi tizim joriy qilinib, don yetishtirgan fermer xo‘jaliklariga davlat xaridlari uchun yetkazilib beriladigan 1 kg tovar donning narxi 3 ming so‘m qilib belgilandi. Tuman bo‘yicha oladigan bo‘lsak, davlat xaridlari uchun sotilishi reja qilingan tovar donning 5 ming 944 tonnasi, ya’niy 78 foizi 3 ming so‘mdan kafolatli sotib olinadi. Qolgan 3 ming 378 tonna bug‘doy don korxonasida ijara asosida saqlanib, birja savdolari orqali iyul, avgust, sentabr oylarida erkin narxlarda sotilishi rejalashtirilgan. Ushbu o‘zgarishlar fermerlarni yerdan ko‘proq daromad va mo‘l hosil olishga undashi bilan ahamiyatlidir.

Yetishtirilgan hosilni o‘rib olish maqsadida tumanda jami 17 ta o‘rim otryadlari tashkil etilib, ularga 18 ta kombaynlar biriktirildi. O‘rim-yig‘im mavsumi oldidan don qabul qilish maskanlari to‘liq ta’mirlanib, jalb qilinadigan texnikalar texnik ko‘rikdan o‘tkazildi va bu ishlarda qatnashuvchi ishchilarning malakalari oshirildi.

O‘rim-yig‘im mavsumining uyushqoqlik bilan tashkil qilingani natijasida yetishtirilgan donni yig‘ib olish ishlari qisqa fursatlarda yakunlandi. Bir kunda salkam 850 tonna don qabul maskanlariga kiritilgani ham fikrimizning dalilidir.

Bu kabi uyushqoqlik natijasida fermerlarimiz shartnomadagi 10 ming 672 tonna o‘rniga 10 ming 704,6 tonna don topshirib, 24 iyun kuniyoq rejalarini ortig‘i bilan bajardilar va Qoraqalpog‘istonda birinchilardan bo‘lib eng sarbaland g‘alla xirmonini ko‘tardilar.

Shartnomaviy rejadan tashqari yetishtirilgan hosilning fermer xo‘jaliklari tasarrufida qolishi qishloq ahlining turmush farovonligini ta’minlanishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tumanda o‘rim-yig‘im ishlari hali davom etmoqda. Amudaryolik g‘allakorlar dalalarda pishib yetilgan boshoqli donni nes-nobut qilmay, so‘nggi misqoligacha yig‘ishtirib olish uchun mehnat qilmoqdalar.

Fursatdan foydalanib, barcha g‘allakorlarimizga xirmoningiz hamisha sarbaland bo‘lsin, halol mehnatlaringizning rohatini ko‘rish nasib qilsin, deymiz. Mehnat zafaringiz muborak, aziz amudaryolik g‘allakorlar!

Tuman hokimligining Axborot xizmati.