Tuman hokimligida Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokama qilindi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, ayni kunlarda mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizg‘in pallaga kirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining Qo‘shma qarori bilan tuzilgan Konstitutsiyaviy komissiyaga o‘tgan bir oy davomida kelib tushgan 60 mingdan ortiq takliflar asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga doir konstitutsiyaviy qonunlar loyihalari joriy yil 24 iyun kuni Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasi 25 iyun kuni umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

Mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi 25 iyun kuni Amudaryo tumani hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi. Yig‘ilishni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev ochdi va olib bordi. Unda tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari va mutaxassislari ishtirok etdi.

Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda.

Ularning aksariyati mazmun-mohiyatiga ko‘ra, “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlashga qaratilgan.

Yig‘ilishda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili qoidalariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha tuman hokimining maslahatchisi Ashirboy Qo‘shayev ishtirokchilarni Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi bo‘yicha taqdimot bilan tanishtirdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilishi taklif qilinayotgan o‘zgartishlar sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, ta’limni rivojlantirish, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, fuqarolik jamiyati institutlarining maqomini va ekologik muhofaza kabi masalalarni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, qonun loyihasi davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jumladan, parlament vakolatlarini kengaytirish, Prezidentlik institutini takomillashtirish, joylardagi vakillik va ijro hokimiyati organlarini ajratish, Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jihatdan rivojlantirishning konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamlash masalalarini ham o‘z ichiga olgan.

Ta’kidlash lozimki, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasi uchun “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida hamda Meningkonstitutsiyam.uz elektron platformasida e’lon qilindi. Umumxalq muhokamasi 2022 yilning 5 iyuligacha davom etadi.

Shu o‘rinda yurtdoshlarimizdan qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohazalar hamda takliflar yo‘llab, faollik ko‘rsatishlarini so‘rab qolamiz.

Sababi, o‘tkazilgan umumxalq muhokamasi natijasi umumlashtirilib, qonun loyihasi yanada takomillashtiriladi. Uning natijalariga ko‘ra “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yiladi.

Fursatdan foydalanib, yurtimizda yashovchi barcha nuroniylar va yoshlarimizni, turli millat vakillari bo‘lmish vatandoshlarimizni, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini, umuman, jonajon O‘zbekistonimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimizni umumxalq muhokamasida faol ishtirok etishga chorlab qolamiz.

Yurt kelajagi va Vatanimiz taqdiri Siz va bizning mazkur jarayondagi faol ishtirokimizga bog‘liq ekanini, ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar kelgusi taraqqiyotimiz uchun muhim ahamiyat kasb etishini unutmang!

Tuman hokimligining axborot xizmati