Yoshlar kuni munosabati bilan “O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida tadbirlar o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, aqlan yetuk, jismonan sog‘lom, intellektual salohiyatli, ma’nan barkamol qilib voyaga yetkazish, qolaversa, qilgan mehnati va erishgan yutuqlariga yarasha rag‘batlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 30 iyun sanasi Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yoshlar kuni” deya e’lon qilinishi hamda har yili bayram sifatida nishonlanishi ertamiz egalariga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yorqin namunasidir. Bu yil ham bayram munosabati bilan iyun oyi “Yoshlar oyligi” deb e’lon qilinib, oylik doirasida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Amudaryo tumanida ham Respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani singari yoshlar kuni har yildagidanda o‘zgacha, ko‘tarinki ruhda nishonlandi.

24 iyun kuni butun kun davomida bo‘lib o‘tgan sport tadbirlari, uchrashuvlar, intellektual o‘yinlar hamda gala konsert yuqori saviyada, yoshlarning faol ishtirokida tashkil etildi.

Ertalabki soat 7:30 da start berilgan velomarafonda tumanimizning faol o‘g‘il-qizlari ishtirok etib, O‘rta qal’a ovuli hududidagi chorrahadan tuman hokimligi binosigacha bo‘lgan 3 km. masofani bosib o‘tib, finish chizig‘iga yetib keldilar.

Velomarafon nihoyasiga yetgach, o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida yugurish marafoniga start berildi. Ishtirokchilar belgilangan masofaga qisqa muddatda yetib kelib, o‘zlarining epchillik qobiliyatlarini amalda ko‘rsatishdi.

Shundan so‘ng tuman hokimligi binosi oldida velomarafon hamda yugurish musobaqalarida 1-, 2-, 3- o‘rinlarni qo‘lga kiritgan yoshlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismailov, tuman Sportni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i G‘ulom Qurbonboyevlar ishtirok etishdi.

Velomarafon bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida Shahzod Soatboyev birinchi o‘rinni, Sunnat Adamov ikkinchi o‘rinni, Diyorbek Hasanov uchinchi o‘rinni egalladi. Qiz bolalar o‘rtasida esa Mahliyo Matkarimova barcha raqiblarini ortda qoldirib, mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Marjona Saburova ikkinchi o‘rin, Sohiba Ashirova uchunchi o‘rin sohibalari bo‘lishdi.

Yugurish marafonida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Diyorbek Shomuradov 1-o‘rinni, Rashid Iskandarov 2-o‘rinni, Rahmon Esbosinov 3-o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Qiz bolalar o‘rtasida esa Dinora Ozodova belgilangan masofani raqiblarini ortda qoldirgan holda birinchi bo‘lib bosib o‘tgan bo‘lsa, Nodira Qodirova 2-o‘ringa, Muhlisa To‘liboyeva 3-o‘ringa munosib ko‘rildi. G‘oliblarning barchasi medal, diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Shundan so‘ng Yangiobod mahallasi hududida joylashgan sun’iy qoplamali sport maydonchasida sportning kamondan o‘q otish hamda mini futbol turlari bo‘yicha musobaqalarga start berildi.

Mini futbol bo‘yicha shiddatli va murosasiz kechgan uchrashuvda Chordara mahallasi yoshlari 1-o‘rinni, Olmazor mahallasi yoshlari ikkinchi o‘rinni, Daryobo‘yi mahallasi yoshlari jamoasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritshdi. G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

Yoshlar kunida imkoniyati cheklangan yoshlar bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov hamda Nogironlar jamiyati tuman bo‘linmasi mas’ullari imkoniyati cheklangan yoshlarga oliy o‘quv yurtlari, o‘rta maxsus maktab-internatlar va texnikumlarga o‘qishga topshirib, hayotda o‘z o‘rnini topish borasida tavsiyalarini berib o‘tdi.

Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tuman bo‘limi binosi oldida “Vatanparvar – mening tanlovim!” shiori ostida tadbir o‘tkazildi. Tadbirda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ona Vatanga mehr-muhabbatini yanada mustahkam qaror toptirishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.

Olmazor mahallasi hududida joylashgan 1-sonli Bolalar va o‘smirlar sport maktabida start berilgan suzish musobaqasida tumanimizning turli hududlaridan faol yoshlar ishtirok etishdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Javohir Otajonov belgilangan muddatda masofaga yetib kelib, mutloq g‘oliblini qo‘lga kiritdi.

Shundan so‘ng Do‘stlik mahallasi hududida joylashgan Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi binosida shaxmat bo‘yicha “Yoshlar ishlari agentligi kubogi” turniri bo‘lib o‘tdi. Turnirda Jahongir Aminov 1-o‘rinni, Og‘abek To‘rayev 2-o‘rinni, Kamola Qadamboyeva 3-o‘rinni egalladi. G‘oliblar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandilar.

Shuningdek, tuman Madaniyat markazi binosida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi. Unda tumanizning bilimga chanqoq faol yoshlari ishtirok etib mahallasi sha’nini munosib himoya qildilar. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Olmazor mahallasi yoshlari 1-o‘rinni, Qipchoq ovuli yoshlari jamoasi 2-o‘rinni, 92-02 harbiy qism askarlari 3-o‘rinni egalladilar.

Yoshlar kuni munosabati bilan Mahalla va nuroniylarni qo‘llab quvvatlash bo‘limi binosida ham vazir va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri Sag‘indiq Turmanov, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenbayev hamda 30 dan ortiq faol yoshlar ishtirok etishdi. Uchrashuv rasmiyatchilikdan holi, samimiy tarzda bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida vazir barcha yoshlarni bayram bilan tabriklab, yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida to‘xtaldi hamda faol yoshlarga kitoblar sovg‘a qildi.

Shundan so‘ng Do‘stlik mahallasi hududida joylashgan 2-sonli Bolalar va o‘smirlar sport maktabi stadionida yakuniy gala konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

 Konsert dasturini ochib berish hamda yoshlarni tabriklash uchun badiiy maydonga tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev taklif etildi. Tuman hokimi o‘z so‘zida mamlakatimizda yoshlarga yaratilgan qulay shart-sharoit hamda imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tish barobarida, kelajagimiz egalarini mazkur imkoniyatlardan samarali foydalanib, yuqori marallarni zabt etishga chorladi.

Shundan so‘ng, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi tanlovlarning Respublika bosqichida faol ishtirok etib 1-, 2-, 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan, ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha Xalqaro sertifikatlar sohibi bo‘lgan, shuningdek, turli tanlov hamda musobaqalarda yuqori o‘rinlarni egallagan faol yoshlar tuman hokimi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri Sag‘indiq Turmanov hamda sektorlar rahbarlari tomonidan taqdirlandi.

Konsert taniqli xonandalarning kuy-qo‘shiqlari hamda raqs dastalarining go‘zal raqslari bilan davom etdi. Yoshlar ona Vatan, yoshlik, muhabbat va sadoqat haqidagi qo‘shiqlarga raqsga tushib, maroqli hordiq chiqardilar.

Tuman hokimligining axborot xizmati.