QISHLOQ KO‘CHALARI OBOD BO‘LMOQDA

Туман янгиликлари

Yurt go‘zal bo‘lsa, unda yashash ham maroqli. Yurtning chiroyiga-chiroy qo‘shadigan omillardan biri esa bu, albatta, yo‘llardir. Har qanday faslda ham o‘zining go‘zalligini yo‘qotmaydigan, tekis yo‘llar ko‘zimizni quvontiradi. Amudaryo tumanida shunday yo‘llar kundan-kunga ko‘payib, eng chekka qishloqlarning ko‘chalari ham tobora obodonlashib bormoqda.
Xolimbeg qishlog‘i Amudaryo tumanining eng chekka hududida, qardosh Turkmaniston Respublikasi bilan chegara qismida joylashgan bo‘lib, qishloq bilan tuman markazini bog‘lovchi masofa 35-40 kilometrni tashkil qiladi. Xolimbegliklar tuman markaziga kelishlari uchun Xolimbeg va Qilichboy OFY oralig‘idagi olis masofani yo  avtomobilda yoki yayov bosib o‘tishlariga to‘g‘ri keladi. Ikki qishloqni bir-biriga tutashtiruvchi yo‘l nafaqat anchayin olis, shu bilan birga notekis ham. Ayniqsa, Xolimbeg, Afshona va To‘maris nomli markaziy ko‘chalar qarovsizlikdan o‘nqir-cho‘nqir, har qanday yo‘lovchining tinkasini quritib, avtomobillar qatnovi uchun qiyinchilik tug‘dirardi. Amudaryo tuman hokimligi va Xolimbeg OFY mas’ullari, qolaversa, ovul faollarining sa’y-harakatlari tufayli yaqinda ovulning markaziy uchta ko‘chasi – Xolimbeg, Afshona, To‘maris nomli ko‘chalarida tekislash, tiklash-ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.
Ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan, Xolimbeg OFYning Xolimbeg, Afshona hamda To‘maris nomli ko‘chalarining bugungi qiyofasi tamoman o‘zgargan. Ko‘chalar kun sayin  fayzli, kishi diqqatini tortadigan darajada chiroyli qiyofa kasb etmoqda. Mazkur ovul hududidagi markaziy ko‘chalar sirasiga kiradigan Xolimbeg, To‘maris va Afshona nomli ko‘chalarni ta’mirlash-tiklash ishlarini Fayzulla Ibragimov rahbarligidagi “Aralvodstroy” MCHJ yo‘l quruvchi brigadasi ishchilari amalga oshirmoqda.
Mazkur MCHJ tender g‘olibi sifatida ko‘chalarning qanchalik ta’mirtalab ekanligini aniqlagan holda qurilish-ta’mirlash ishlarini sifatli olib borishmoqda.
Ovuldagi mazkur uchta ko‘chada ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish maqsadida 264 million so‘mlik mablag‘ ajratilib, loyiha-smeta hujjatlari asosida “Aralvodstroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tekislash, shag‘al-tosh yotqizish va asfaltlash ishlari olib borilmoqda.
Kundan-kunga qiyofasi o‘zgarib, tobora go‘zallashib borayotgan Xolimbeg, Afshona va To‘maris nomli ko‘chalarda istiqomat qiluvchi aholi ham hududni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida faol ishtirok etishmoqda. Xolimbeg OFY raisi Zarifboy Ollamov rahbarligida ko‘chalar bo‘ylarini turli xas-cho‘plardan, begona o‘tlardan tozalash, daraxtlarga shakl berish, ko‘chalar chetlaridagi ariqchalarni toza saqlash. Gul ko‘chatlari ekish kabi ishlarni hamjihatlik bilan amalga oshirishmoqda.
Xolimbegliklar uchun ovulning har bir qarich yeri aziz. Shu bois, kun sayin obodonlashib, ko‘rkam qiyofa kasb etayotgan ravon ko‘chalar fayzidan aholi mamnun. Zero, aholining  hayotdan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga qaratilgan har qanday ezgu ish, avvalo, yurt taraqqiyotiga qo‘shilgan munosib hissadir.

Barno SAMANDAROVA, gazetaning jamoatchi muxbiri.