TUMANDAGI 36-SONLI VA 56-SONLI MAKTABDA KЕNG KO‘LAMLI QURILISH-TA’MIRLASH ISHLARI OLIB BORILMOQDA

Туман янгиликлари

Prezidentimizning shu yil yanvar oyida “2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Shunga ko‘ra mamlakatimizning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini izchil rivojlantirish, qishloq va mahallalarni yanada obod qilish, joylarda qulay tadbirkorlik va investitsiya muhitini shakllantirish uchun 2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi va joriy etildi.
Amudaryo tumanida ham mazkur dastur bo‘yicha keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu dasturga ko‘ra Chordara mahallasidagi 36-sonli maktab binosi ham rekonstruksiya qilinib, 180 o‘ringa mo‘ljallangan qo‘shimcha bino qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Loyiha bahosi 2 mlrd. 292 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan qurilish ishlari “KMK-304” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bajarilmoqda. Qurilish ishlarida tashkilotning 8 nafar ishchisi mehnat qilmoqda.
Ushbu maktab 1974 yilda foydalanishga topshirilgan. O‘z davrida zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan mazkur maktab 560 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan. Ayni paytda ushbu ta’lim maskanida 30 ta sinfda 800 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularga 72 nafar pedagog-o‘qituvchilar yangi pedagogik texnologiyalar asosida ta’lim berishmoqda. Pedagoglarning 3 nafari oliy toifali, 9 nafari 1-toifali, 22 nafari 2-toifali, 38 nafari esa mutaxassis, 2 nafari rus tilidan S2 darajadagi sertifikatga ega o‘qituvchilardir.
Hozirda binosi ta’mirtalab holatga kelib qolgan mazkur maktabda ta’lim-tarbiya ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, unumli foydalanishlarini ta’minlash maqsadida 8 ta fan, 4 ta sport, 2 ta ijtimoiy-madaniy to‘garaklar tashkil etilgan. Shuningdek, o‘quvchi-yoshlar futbol, basketbol va voleybol maydonchalari hamda yopiq sport zalida sport bilan shug‘ullanishadi.
Yosh avlod zamonaviy sharoitlarda ta’lim-tarbiya olishi uchun imkoniyat yaratish maqsadida qurilayotgan maktabning yangi binosining fundament ishlari yakunlangan bo‘lib, ayni paytda ishchilar birinchi qavat g‘ishtini terishmoqda. Bino avgust oyining oxirlarida foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan.

Dastur doirasidagi shu kabi qurilish-ta’mirlash ishlari Boyovul mahallasidagi 56-sonli maktabda ham amalga oshirilmoqda. Ko‘p yillardan beri yosh avlodga ta’lim-tarbiya berilib kelinayotgan ushbu ta’lim maskani ham ancha ta’mirtalab bo‘lib qolgan va o‘quvchi o‘rnini kengaytirishga ehtiyoj sezilayotgan edi. Quvvatidan ortiq o‘quvchisi mavjud bo‘lgan mazkur maktabda imkon darajasida ta’lim-tarbiya ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Tumanda 2020-2021 yilgi o‘quv yilida umumta’lim maktablarini tamomlagan bitiruvchilarining oliy  o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi yanada ortdi. Bu borada 56-sonli maktab eng ilg‘or ta’lim maskanlaridan biri bo‘ldi. Ushbu o‘quv yilida maktabning 11-sinfini tamomlagan  77 nafar bitiruvchidan 55 nafari, ya’ni 71,2 foizi OTMga qabul qilindi. Maktabning texnologiya fani yo‘nalishidagi 11-“B” variativ sinfining 25 nafar bitiruvchilaridan barchasi, ya’ni 100 foizi OTM talabalari bo‘lishgan edi. Mazkur o‘quv yilidagi bitiruvchilardan ham ustozlarning umidi katta.
Oliy ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichi bo‘yicha eng ilg‘or bo‘lgan 56-sonli maktabda ham zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari tumandagi “Temir beton” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bajarilmoqda. Loyiha bahosi 2 mlrd. 326 mln.dan ortiq bo‘lgan qurilish ishlari davomida maktab uchun 180 o‘ringa mo‘ljallangan qo‘shimcha bino va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ayni paytda qo‘shimcha binoning fundament ishlari yakunlanib, birnchi qavatda g‘isht terish ishlari olib borilmoqda.
Har ikkala maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari yangi o‘quv yilini ta’mirlangan va yangi qurilgan binoda qarshi olishadi. Ushbu ta’lim maskanlari jamiyat rivoji, taraqqiyotiga hissa qo‘sha oladigan, yurt kelajagiga munosib bo‘lgan yoshlarni tarbiyalashga uzoq yillar xizmat qiladi.

Ozoda Xudoyberganova.