ELIM, DЕGAN EL FIDOYISI

Туман янгиликлари

O‘z kasbiy faoliyatim davomida turfa xulq-atvorli insonlar bilan uchrashib, muloqotda bo‘lganman. Ular orasida, albatta, el-yurtga, kasbiga, oilasiga fidoyilar juda ko‘p. Kimdir xalq manfaati uchun, kimdir oilasi, yana kimdir Vataniga jonfido, xalq xizmati uchun kamarbasta. Biroq yana bir toifa insonlar ham borki, hatto o‘zini, huzur-halovatini unutar darajada xalqim, deb intilib yashaydi. Ba’zan och-nahor, ba’zan qish  izg‘irinlarida  qo‘l-oyoqlari muzlab, saraton jaziramalarida jism-u joni qovrilib, xalq orasiga kirib boraveradi. O‘z kasb faoliyatini amalga oshirish yo‘lidagi mashaqqatlardan aslo cho‘chimaydi. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, amudaryolik badiiy so‘z ustasi, xalq orasida  “Qobil radio” nomi bilan tanilgan Qobil og‘a Shomurodov ana shunday fidoyilardan.
Amudaryo tumanining sobiq Kuybishev nomidagi, hozirgi To‘lqin ovulida tug‘ilgan Qobil Shomurodov matbuot sohasiga ilk qadam qo‘yganida hali maktab o‘quvchisi edi. O‘tgan asrning 59-60 yillarida Qipchoq qishlog‘idagi hududiy tayanch maktab, hozirgi 11-sonli umumta’lim maskanida  o‘rta ma’lumot olgan Qobil Shomurodov bo‘sh vaqtlarini mutolaa bilan o‘tkazar, markaziy gazeta va jurnallar, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi “Sharq yulduzi”, “Fan va turmush”, “Guliston”, “Saodat” kabi matbuot nashrlari qatori “Amudaryo haqiqati” gazetasining har bir sonini maroq bilan o‘qir, o‘zi ham ba’zan tuman gazetasiga maqolalar yozib, pochta orqali jo‘natib turardi.
Gazeta sahifalarida Qobil Shomurodov imzosi bilan chop etilayotgan maqolalarga alohida e’tibor bergan gazetaning yetakchi jurnalistlaridan biri Sa’dulla Xo‘janiyozov bo‘ldi. Hech esidan chiqmaydi, 1967 yilda qishloqdagi hammom ishlamayotgani haqida yozgan hajviy she’ri gazetada yoritilgach, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, hammom to‘la quvvat bilan xalqqa xizmat ko‘rsatishni boshladi. Qishloq ahli esa “hammomni ishlatgan” Qobil Shomurodov-ni shu kundan e’tiboran “muxbir bola” deb chaqiradigan bo‘ldi. Ushbu voqea sabab “muxbir bola” tez-tez tahririyatga keladigan, ustozi Sa’dulla Xo‘janiyozovdan jurnalistika sirlarini o‘rganish maqsadida  uning rahbarligida tahririyat qoshida tashkil etilgan “Gulshan” va “To‘lqin” ijodkor yoshlar to‘garagi mashg‘ulotlarida ishtirok etadigan bo‘ldi. Oradan bir necha yillar o‘tib, o‘z ijodiy  uslubiga ega, qolaversa, dolzarb mavzulardagi maqolalari bilan xalqqa ancha tanilib qolgan Qobil Shomurodov ustozi S.Xo‘janiyozovning qo‘llab-quvvatlashi va g‘amxo‘rligi tufayli  1978 yildan Qoraqalpog‘iston radiosining Amudaryo tumani bo‘yicha maxsus muxbiri sifatida ilk jurnalistlik faoliyatini boshladi.
Qobil Shomurodov radio-jurnalist sifatida faoliyat yuritgan 1978-2020 yillar uning uchun haqiqiy kasbga fidoyilik yillari bo‘libgina qolmay, ijodda o‘z shaxsiy fikri va uslubiga ega jurnalist sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘z malakasini oshirish, zamon bilan hamnafas qadam tashlash maqsadida ishdan ajralmagan holda NDPIning tarix fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagan Qobil Shomurodov hayotining mazmuniga aylanib qolgan matbuot sohasiga, ijodga bir umr bog‘lanib qoldi. Umrining 40 yildan ziyod davrini o‘zi sevgan xalqqa ma’naviyat va ma’rifat ulashish, ularni yangi-yangi marralar sari ruhlantirish, qalblariga jo‘shqin kayfiyat ulashishdek ezgu ishga bag‘ishlagan “muxbir bola” ulg‘aygan sari el aro hurmat-e’tibor qozondi. Har tong nafaqat amudaryoliklar, balki qoraqalpoq ovullaridagi har bir xonadonga jarangdor ovozi, dolzarb mavzulardagi  xabarlari, radioocherklari bilan kirib boradigan Qobil Shomurodovni xalq azbaroyi hurmat qilganidan “Qobil radio” deb chaqiradigan bo‘lishdi.
Amudaryo tumanining har bir qishlog‘i, har bir qarich yeriga qadami tekkan “Qobil radio”ning o‘z kasbiga o‘ta mas’uliyatliligi, fidoyiligi jamiki jurnalistlar uchun ibrat bo‘lgulik. Hozirgiday kompyuter texnologiyalari rivojlanmagan, ovoz yozish uskunalari lentali kassetalardan iborat, kamida 2-3 kilogramm og‘irlikdagi magnitofonni katta sumkaga joylab, dala-dasht kezgan, ertalab Jumurtog‘dagi tog‘-kon zavodidan eshittirish tayyorlasa, peshindan so‘ng yo Nazarxonga, yo azim Qilichboyning Xolimbeg-u Do‘rman ovullariga yo‘l olguvchi Qobil Shomurodovning qahraton qish, yoz jaziramasi-yu, qor-yomg‘ir demay, zimmasidagi kasbiy burchini hech injilmay bajarganlariga necha bora guvoh bo‘lganmiz.
Butun ongli hayotini o‘z kasbiga sadoqat ila xalqqa ma’naviyat va ma’rifat ulashishdek ezgu ishga bag‘ishlagan matbuot fidoyisi  Qobil og‘a Shomurodov ayni paytda 75 yoshga to‘ldilar. Qutlug‘ yoshida ham qo‘lidan qalamini qo‘ymagan otaxon muxbir, mehr-oqibatli, el-yurtga qayishgan farzandlarining ardoqli otasi, oilaparvar umr yo‘ldoshi Hanifaxon momoning sevimli yelkadoshi Qobil og‘a Shomurodovga:
– Aslo charchamang, ijod qilishdan to‘xtamang, siz sevgan Amu elida Sizning ovozingiz, o‘tkir so‘zingizni kutib yashaguvchi muxlislaringiz borligini aslo unutmang, qutlug‘ 75 yoshingiz muborak bo‘lsin! – deymiz.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.