
Amudaryo tumanining Qilichboy ovulidagi 15-sonli umumta’lim maktabida ovul faollari, hududdagi maktab o‘qituvchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida “Yagona maktab formasi – amalda” mavzusida yarmarka o‘tkazildi. Unda yagona maktab formasining afzalliklari, ota-onalar uchun ham, maktab o‘quvchilari uchun ham birday qulay va hamyonbop xarid bo‘lishi haqida so‘z yuritildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-sonli Qaroriga muvofiq mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun yagona maktab formasini joriy etish va uni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Mazkur Qaror ijrosini ta’minlash koronavirus pandemiyasi tufayli ma’lum muddatga kechiktirilib, umumta’lim maktablari o‘quvchilari gibrid shakldagi maktab formalaridan foydalanib kelishayotgan edi.
Ayni kunlarda joriy 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi Qarori rahbarlikka olinib, barcha maktablarning o‘quvchilari “Yagona maktab formasi” bilan qamrab olinishi uchun rejali sa’y-harakatlar boshlab yuborildi.
Qilichboy ovulidagi 15-sonli umumta’lim maktabi hududdagi namunali o‘quv maskanlaridan biri sanaladi. 2021-2022 o‘quv yilida mazkur ilm dargohini 50 nafar yosh bitirib, ularning deyarli barchasi oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishdi.
Ayni paytda maktabda 798 nafar o‘quvchi tahsil olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 2022-2023 o‘quv yilidan yagona maktab formasiga o‘tish bo‘yicha maktab ma’muriyati, o‘qituvchilar va ota-onalar ishtirokida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilib, barcha o‘quvchilarning yagona maktab formasi bilan to‘liq ta’minlanishiga zarur imkoniyat yaratish maqsadida “Yagona maktab formasi – amalda” mavzusida tashkil etilgan yarmarkada “Tamara testil” xususiy korxonasi mahsulotlari namoyish etildi.
Yarmarkani maktab direkori J.Ortiqov ochdi va barcha ishtirokchilarga joriy etilayotgan yagona maktab formasining afzalliklari, beriladigan buyurtmalarning “Tamara tekstil” xususiy korxonasi chevarlari tomonidan tez va sifatli, hamyonbop narxlarda tayyorlab berilishi xususida batafsil ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng, Qilichboy ovul fuqarolar yig‘ini raisi Bahrom Qodirov ijtimoiy himoyaga muhtoj, kamxarj oilalarning farzandlariga maktab formasi xarid qilishda fuqarolar yig‘ini tomonidan ko‘mak berilishini, albatta, har bir oila farzandining oddiy va ixcham kiyinishiga e’tibor berishi zarurligini ta’kidladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi 2022-2023 o‘quv yilidan amaliyotga joriy etilayotgan yagona maktab formasi o‘quvchilarning dars paytida diqqatini jamlash, darsga mas’uliyat va qunt bilan yondashish imkoniyatini oshirishi haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.
Yarmarka davomida ota-onalar “Tamara tekstil” xususiy korxonasi chevarlari tomonidan tayyorlangan ixcham va bejirim maktab formalarini farzandlari uchun xarid qildilar.
Shuningdek, Amudaryo tumanidagi 6-sonli maktabda ham “Yagona maktab formasi – amalda” mavzusida yarmarka tashkil etildi. Unda 6-sonli maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilarning ota-onalari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Yarmarkada “Tamara tekstil” xususiy korxonasi chevarlari tomonidan tayyorlangan zamon talablariga mos rusumdagi maktab formalari namoyish etildi.
Ota-onalar farzandlari uchun mos bichimdagi maktab formalarini xarid qilishdi. Shuningdek, shu yerning o‘zida “Tamara tekstil” xususiy korxonasi dizayner va chevarlari ota-onalardan yangi buyurtmalar ham qabul qilib oldilar.
Aytish kerakki, umumta’lim maktablari o‘quvchilarining nechog‘lik madaniyatliligi uning yurish-turishi, egnidagi libosiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Chunki to‘g‘ri tanlangan libos o‘quvchining nafaqat jismoniy yetukligi, balki xulq-atvori, hatto ilm egallash darajasi haqida ham xulosa chiqarish imkonini beradi. Qolaversa, ixcham, sodda va oddiy, barcha ijtimoiy qatlamlarga ham mos keladigan maktab formasi ota-onalar uchun ham, oilalar iqtisodi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
“Yagona maktab formasi – amalda” yarmarkasi Amudaryo tumanining barcha hududlarida o‘tkazilmoqda. Olis qishloqlardagi ota-onalar uchun qulay va imtiyozli narxlarda xaridni amalga oshirish imkoniyatini yaratish maqsadida tashkil etilayotgan mazkur tadbirdan, albatta, ota-onalar mamnun bo‘lishmoqda.
Robiya Yo‘ldosheva.