Oliy Majlis Senatining 29-yalpi majlisida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Joriy yilning 4–5 avgust kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tgan edi. Yalpi majlisda 14 ta masala, shu jumladan 6 ta qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.
11 avgust kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Senatning yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan masalalar, muhokama qilingan qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini tushuntirish va jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi, senator Boriy Alixanov hamda tumandan saylangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari hamda tegishli korxona va tashkilot rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
 Yig‘ilishni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va olib bordi. Tuman hokimi yig‘ilish qatnashchilarini kun tartibidagi masalalar bilan tanishtirib o‘tdi.
Dastlab, senator Boriy Alixanov yalpi majlis davomida ko‘rib chiqilgan maslalar yuzasidan ma’ruza qildi. Senator jamiyat taraqqiyoti, mamlakat rivoji qonun ustuvorligi bilan kafolatlanishi, har qanday global sharoitda, har qanday vaziyatda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yosh avlod tar’lim-tarbiyasiga yanada jiddiy e’tibor qaratish muhim vazifalardan sanalishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilganidek, Qonun bilan davlat qarzi va unga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining ustuvorligi, davlat qarzining cheklangan hajmlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarni belgilash ko‘zda tutilgan. “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi axborotning ochiqligi va va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.
 Yig‘ilish davomida senator “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun mohiyati haqida batafsil tushuntirish berib o‘tdi.
Qonunda O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi va “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonunlariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Yig‘ilish qatnashchilari kun tartibida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan senatorga murojaat qilib, tegishlicha javoblar oldi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, Oliy Majlis Senatining yigirma to‘qqizinchiyalpi majlisida ko‘rib chiqilgan qonun loyihalarining huquqiy asosini takomillashtirishga oid bir qator masalalar bilan keng jamoatchilik vakillarini tanishtirish hamda ularning fikrlarini o‘rganish jamiyatmizdagi har bir fuqaroning mamlakatimizda ro‘y berayotgan muhim siyosiy jarayonlarga o‘z munosabatini bildirib, faol ishtirok etishida muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.