“MЕNING MAHALLAM – MЕNING SUDYAM” G‘OYASI OSTIDA SAYYOR QABUL O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek fuqarolarning huquqiy masalalari yuzasidan muammolarini tizimli hal etish va aholining huquqiy ongini doimiy oshirib borish yuzasidan barcha hududlarda sud mas’ullari tomonidan “Mening mahallam – mening sudyam” g‘oyasi ostida sayyor qabullar va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Shu yil 17 avgust kuni Amudaryo tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi mas’ullari ham Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi binosida xuddi shunday sayyor qabul, fuqarolar bilan uchrashuv tashkil etishdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi Kamol Tarixov, Respublika Ma’muriy sudi sudyasi Po‘lat Doshmuradov, Respublika sudi raisning o‘rinbosari, Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Abilay Adilov, Respublika sudi raisining o‘rinbosari, Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Abdimurat Kerimbayev, Respublika sudi sudyasi O‘tkir Sabirov va mutasaddi tashkilot rahbarlari qatnashishdi.

So‘zga chiqqan mas’ullar dastlab sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida batafsil ma’lumot berishdi. Shuningdek, sohadagi tub o‘zgarishlar, eng avvalo, mamlakatimizda sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, odil sudlov samaradorligini, shu orqali xalqimizning sudlarga bo‘lgan qat’iy ishonchini oshirish va munosabatini o‘zgartirishga qaratilganligini, ularning amaliyotga joriy etilishi bugungi kunda o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatayotganini ta’kidlashdi. Sud-huquq tizimidagi barcha islohotlar sudyalar mustaqilligini ta’minlash, sudning nufuzini oshirish, tizimni demokratlashtirish va takomillashtirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilishini e’tirof etishdi.

Shundan so‘ng sud mas’ullari sayyor tartibda qabul o‘tkazib, tuman fuqarolarining murojaatlarini qabul qilishdi. Qabulda 31 nafar fuqaro turli murojaatlar bilan ishtirok etdi. Fuqarolardan 5 nafari meros bo‘lib qolgan uy-joyiga kadastr hujjat tayyorlash yuzasidan, 4 nafari farzandiga jarrohlik amaliyotini o‘tkazilishiga yordam so‘rab, 5 nafari o‘zining mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashish va boshqa masalalar yuzasidan amaliy yordam so‘rab, murojaat qilishdi. Barcha murojaatlar atroflicha o‘rganildi va fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi tumandagi “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan 7 nafar ayol-qizlarga bugungi kunda davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyoz va yengilliklar xususida ma’lumotlar, huquqiy maslahatlar berib o‘tdi. Shuningdek, ularga sovg‘a-salomlar ham topshirildi.

Tadbir Tosh yop ovulida davom ettirildi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi, o‘rinbosarlari, Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi Jasur O‘razboyev va Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi Xayrulla Atamuradovlar shu hududda yashovchi fuqarolar bilan uchrashishdi.

Uchrashuv davomida fuqarolarning turli xil muammolari eshitilib, ijobiy hal etish choralari ko‘rildi. Bundan tashqari, aholining huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish maqsadida ularni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, mamlakatimizda sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Jasur O‘razboyev, Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi