AYOQCHI OBOD MAHALLAGA AYLANMOQDA

Туман янгиликлари

Ulug‘ ishlar debochasi

Vatanimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritib, o‘zi belgilagan taraqqiyot yo‘lidan og‘ishmay qadam tashlab kelayotganiga 31 yil to‘lmoqda. Istiqlol xalqimizga o‘z yurtiga beklikni,  munosib hayot kechirish imkonini, o‘z taqdirining haqiqiy egasi bo‘lishni, qadr-qimmatini anglab, hayotidan rozi bo‘lib yashash imkonini berdi, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik, milliy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiriga daxldorlik yuraklarimizdan teran joy oldi. Ayni kunlarda tumanimizning qay bir hududiga bormang, aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshira borish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, arzon uy-joylar barpo etish, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini ko‘paytirish, yo‘l-transport xizmatini yaxshilash, qisqasi, fuqarolarning turmushi obod, farovon bo‘lishi  uchun amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lasiz. Bu borada “Obod qishloq” dasturi ulug‘ ishlar debochasi bo‘lmoqda, deyish mumkin.

Ushbu dasturning joriy yilgi rejasiga kiritilgan “Ayoqchi” mahallasi shu kunlarda chinakam bunyodkorlik, yangilanishlarga yuz tutmoqda.

Dasturga muvofiq mahallada 11 milliard 500 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Avvalo shuni ta’kidlash joizki, mahallada 825 ta xonadonda 1128 ta oila 76 ta ko‘chalarda, asosan yakka tartibdagi  hovlilarda istiqomat qilishadi.

Turkmaniston davlati bilan chegaradosh hududda joylashgan mahalla joriy yilda hududning yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini rivojlantirish va shu asosda aholining farovonligini hamda turmush darajasini yuksaltirish maqsadida “Obod qishloq” dasturiga kiritilgani aholining ayni ko‘nglidagi orzulariga hamohang bo‘ldi.

Asosan qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman, rus, tatar kabi turli millat vakillari bir oila farzandlariday ahil, inoq, tomirlari chatishib, quda-anda, qarindosh bo‘lib yashayotgan mahalla aholisi hayoti o‘ziga xos, barcha fuqarolar ham yurtimizda amalga oshirilayotgan ulug‘vor o‘zgarishlarga hamohang tarzda o‘zlarining mehnatlari bilan  o‘z  turmushini obod etishga intilmoqda. Ularning 164 nafari turli korxona-tashkilotlarda ishlashadi,18 nafari  tadbirkorlik bilan, 14 nafari kasanachilik, 7 nafari savdo-sotiq, 14 nafari  chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik bilan, 28 nafari tadbirkorlikning turli sohalari bilan, 174 nafari mavsumiy ishlar bilan band bo‘lsa, 25 nafari o‘z-o‘zini band qilib, oilasiga daromad keltirmoqda.

Mahalladagi har bir xonadon tomorqa yeriga, chorvasiga ega va barcha oilalar ham o‘zlarining ehtiyojiga yarasha sabzavotlarni o‘zlari yetishtirib, ortganini bozorda ham sotib, qo‘shimcha daromad oladilar.

To‘rtta aholi punktidagi 76 ta ko‘chalarda  istiqomat qilayotgan ayoqchiliklar hayotiga “Obod qishloq” dasturi doirasidagi amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari o‘zgacha fayz baxsh etishiga shubha yo‘q.

Obodlik yo‘lidagi bunyodkorliklar

Mahalla fuqarolar yig‘ini tashkil etilganidan, ya’ni 2013 yildan beri moslashtirilgan binoda faoliyat yuritib keldi. Hatto devorlari ham to‘zib, ko‘rimsiz holga kelib qolgan, xonalari tor binoda ishlash xodimlarga ancha o‘ng‘aysiz edi. “Obod qishloq” dasturi doirasida mahalla fuqarolar yig‘ini uchun ma’muriy bino qurilishi rejalashtirilgani yig‘in xodimlarinigina emas, barcha aholini quvontirdi. Axir mahalla idorasi binosi ko‘rkam, chiroyli bo‘lsa, shu elning faxri bo‘ladi-da!

Ayni kunda ma’muriy bino qurilishini “Talabshan qurilisshi” MCHJ quruvchilari amalga oshirishayapti. Qurilish ishlariga asosan hududning ishsiz yoshlari jalb etilganligi yana bir quvonchli holat. 350 million so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga qurilayotgan binoga  poydevor quyish ishlari poyoniga yetkazilib, devori ko‘tarilayapti. G‘isht terayotgan yigitlarning qo‘li-qo‘liga tegmay ishlayotganidan qurilish qisqa muddatlarda yakunlanishini his qilish qiyin emas.

Hududda faoliyat ko‘rsatayotgan 69-sonli maktab rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha bino qurilishi rejaga  kiritilgani mahalla o‘quvchi-yoshlari uchun davlatimiz g‘amxo‘rligining chinakam ifodasi bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz. Boisi aholi soni o‘sib borishiga monand ushbu maktabda shu kunga qadar imkoniyatidan ziyod o‘quvchi ta’lim olib kelayotgan, sinfxonalar yetishmas edi. Endilikda maktabga qo‘shimcha bino qurilib foydalanishga topshirilishi bilan bu muammo ijobiy yechimini topadigan bo‘ldi. Buning uchun 104 kun muddat belgilangan va 2 milliard 300 mln. so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan. Pudratchi tashkilot “Amudaryo maxsus qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari ushbu ob’ektni o‘z muddatida qurib, foydalanishga topshirishga intilishmoqda. Hozirgi kunda esa asosiy binoni ichki-tashqi pardozlash, qo‘shimcha bino devoriga g‘isht terish ishlari qizg‘in davom etmoqda.

Mahallada bulardan tashqari 4,54 kilometrlik ichki yo‘llarni ta’mirlash, shundan 1 kilometrdan ziyodiga beton qoplama yotqizish, shuningdek, qolganlariga tuproq va tosh yotqizish, joriy ta’mirlash ishlari ham rejalashtirilgan. 2 ta suv tozalash inshooti qurilishi, 1,2 kilometr piyodalar yo‘lakchasi qurilishi, elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 2,6 kilometrlik liniya tortish va 1 ta yangi transformator o‘rnatish, 33 dona tungi yoritgichlar o‘rnatish, 2 kilometrlik aloqa tarmog‘ini tortish, 4 ta chiqindi konteynerlarini o‘rnatish, 7 ta tadbirkorlik ob’ektlarini qurish, aholining 60 ta uy-joylarini ta’mirlash ham yil oxirigacha amalga oshiriladi.

Baraka – mehnatdan

Mahallada tadbirkor Jasur Maxsadboyevni hamma ishchan, ishning ko‘zini biladigan inson sifatida e’tirof  etishadi. U 2019 yil “Har bir oila – tadbirkor” dasturi bo‘yicha imtiyozli kredit olib, savdo do‘koni faoliyatini yo‘lga qo‘ygan edi. Keyinchalik do‘kon binosini kengaytirib, non, non mahsulotlari pishirish sexini ham tashkil etdi. Faoliyatidan tushgan daromadi hisobidan non pishirish sexiga yana bitta pechka sotib olib, faqat buxanka non emas, obi non, cho‘rak, patir, somsalar ham pishirishni boshlashdi. Joriy yilda “Shamshodbek va Go‘zaloy” nomli ushbu korxonada mijozlar ehtiyojiga ko‘ra uchinchi  pech mahalladagi hokim yordamchisi Behzod O‘rinboyevning bevosita ko‘magi bilan kreditga xarid qilindi va to‘y-marosimlar uchun buyurtma asosida turli nonlar, somsalar, pishiriqlar pishirish yo‘lga qo‘yildi. 4 ta ish o‘rni tashkil etilgan “Shamshodbek va Go‘zaloy” MCHJga qarashli paxta tozalash sexi ham bor. Mazkur sexda ikki ish o‘rni yaratilgan.

Jamiyat raisi Jasur Maxsadboyev oila a’zolari mehnat qilayotgan jamiyatga qarashli sexlardagi ish maromidan, daromadidan ko‘ngli to‘lsa-da, tinib-tinchib o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmaydiganlar toifasidan ekan. U mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, 300 mln. so‘mlik zamonaviy, qulay va ixcham g‘isht zavodi texnologiyalarini  xarid qilayapti. Yaqin kunlarda ayoqchiliklar qurilish uchun g‘ishtni olisdan tashib keltirib, ovora bo‘lmasdan o‘z hududlarida, hamqishlog‘i Jasur Maxsadboyevdan sotib olish imkoniga ega bo‘ladilar.

– Hamma gap mehnatda, –deydi u kamtarlik bilan. – Mashaqqatdan qochmagan, mehnat qilgan odam niyatiga yetaveradi, ishi barakali bo‘laveradi.

Non pishirish sexida uning oila a’zolarining ishini bir zum kuzatib turgan kishi bu gaplarning isbotini ko‘rganday bo‘ladi. Axir non, non mahsulotlari tayyorlash jarayonidagi barcha bosqichlar o‘z muddatlarida, sifatli bajarilsagina mahsulot totli, xaridorgir bo‘ladi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ollayor Qalandarov, hokim yordamchisi Behzod O‘rinboyev, xotin-qizlar faoli Nigora Polvonova, yoshlar yetakchisi Zafarjon O‘rozmetovlarning hamjihatlikda hududda aholining tinch-osoyishta, farovon yashashiga erishish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga manzilli ko‘mak berish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, bandligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari o‘zining ijobiy samaralarini berayotir. Shu o‘rinda kichkinagina mahallada turli oliygohlarda ta’lim olayotgan 70 nafar talabalar borligini ham tilga olgimiz keladi.

Shunday oila bor...

Mahallada yashash tarzi, farzand tarbiyalash, azaliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni e’zozlash va o‘zbekona tutumlarga amal qilish borasida ko‘pchilikka ibrat bo‘lgulik oilalar ko‘p. Mehr nuri ko‘chasida istiqomat qiluvchi Otamurod aka Boltayev va ahli ayoli Ra’no opalarning oilasi ana shularning biri. Aslida ushbu ko‘chaga kirib kelishingiz bilan yo‘lning har ikkala tarafidagi hovlilar atrofidagi tozalik, orastalik, did bilan ekilgan mevali, manzarali  daraxtlar, anvoyi gullar ko‘nglingizda ajib bir havas uyg‘otib, go‘zallikka, nafosatga oshuftalik jo‘sh uradi. Beixtiyor inson barcha yaxshiliklar, ezguliklar ijodkori ekanligiga tan berasiz.

Yashillik o‘rab olgan ulkan hovlini Otamurod aka, Ra’no opalar 1984 yilda qurib ko‘chib o‘tishgan ekan.

– O‘shanda chor-atrof yaydoq dala edi, – deya eslaydi opa o‘sha vaqtlarni. Biroq hovlisining fasad qismi-yu tomorqasida turli mevali daraxtlar ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan hozirgi ko‘rinishiga qarab bu so‘zlarni tasavvur qilish qiyin. Tomorqadagi olma, nok, shaftoli kabi mevali daraxtlar hosilini ko‘tarolmay, shoxlari larzon, uzumlarning mevasi sollanib turishlari yerga mehr berilsa, saxovatini  ayamasligini dalillab turganday tuyuladi odamga.

Bu manzarani ko‘rib haqiqiy mirishkor dehqon odamlar oilasiga keldik, deb o‘ylagandik. Adashgan ekanmiz. Otamurod aka umr bo‘yi 69-sonli maktabda o‘qituvchi, Ra’no opa hududdagi  maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachi, mudira bo‘lib ishlagan, ularning hayotda topgan eng ulkan boyliklari – uch qiz, bir o‘g‘ilning to‘rtovi ham, kelini ham o‘qituvchi – otasining izdoshlari ekan.

Hozirgi kunda o‘g‘il, qizlar barchasi oilali, farzandli bo‘lib, o‘zlaridan tingan. Otamurod aka, Ra’no opalar shu darajaga yetganlarida ham nevaralar parvarishi,  tomorqa ishlarida farzandlariga yo‘lboshchi.

– Har yili shu tomorqamizdan 15 mln. so‘mdan ziyod daromad olamiz. Yil o‘n ikki oy ro‘zg‘orga o‘zimiz yetishtirgan sabzavotlarni ishlatamiz. Yana 9 sotix qo‘shimcha tomorqa yerimiz ham bor. U yerga o‘tgan yili 40 tup hosildor navli shaftoli ko‘chatlarini ekdim. Hozir yaxshi rivojlanayapti. Kelgusi yil hosilga kiradi, – deydi Otamurod aka. – Eng muhimi – farzandlarimiz hayotda o‘z o‘rinlarini topishdi, oilalari tinch. Endi bor bilimlarimizni, tarbiyamizni 8 nafar nevaralarimizga berayapmiz.

Ularning oilasida bo‘lgan kishi o‘zaro ahillikka, katta-yu kichikning mehnatsevarligiga va ana shunday sa’y-harakatlardan bunyodga kelgan obodlik, farovonlikka havas qilishi tayin.

Donishmandlar oilani ham dorilfununga qiyoslashadi. Ha oila – ulug‘ dorilfunun, unda ota-ona ustoz, farzandlar – tolibi ilmdirlar. Ularga nurli kelajak yarata olgan, halol mehnatga o‘rgata olganlar Otamurod aka, Ra’no opalar kabi o‘z umrlaridan mamnun bo‘lib yashaydilar. Ana shunday saodatli manzillarga yetmoq barcha ota-onalarga nasib etishini tilaymiz.

Bugun mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorliklar, yangilanishlar odamlarning baxtiyor, farovon va o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashiga, inson qadrini yuksaltirishga qaratilganligini barcha teran anglamoqda. Zero “Yangi O‘zbekistonda el aziz – inson aziz” degan ezgu g‘oya buni yaqqol ifodalaydi.

Yangilanayotgan O‘zbekistonimizning kichik bir bo‘lagi – Ayoqchi mahallasi aholisi ham buni o‘z hayotlarida his qilmoqda, istiqlol bergan bunday dorilomon kunlar mangu bo‘lmog‘ini tilab yashamoqda.

 

Oygul RAJABOVA.