ARNABO‘YI MAHALLASIDA MUSTAQILLIK BAYRAMI ARAFASIDA BOQUVCHISINI YO‘QOTGAN OILALARGA MODDIY YORDAMLAR BЕRILDI

Туман янгиликлари

Muhtaram Prezidentimizning “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq Amudaryo tumanidagi ovul, mahallalarda faoliyatini boshlagan hokim yordamchilari aholining munosib hayot kechirishini ta’minlashda, turmush sifatini, farovonligini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Ular o‘z hududlaridagi holatni xonadonbay o‘rganib, aholining bandlik darajasini, oilalarning daromad manbalarini, tomorqa yerlardan foydalanish holatini, fuqarolarning daromadli mehnatga bo‘lgan ehtiyoji, intilishlarini aniqlab, kasb-hunarga, tadbirkorlikka jalb etib, zarur hollarda imtiyozli foizlarda kreditlar olishiga bosh-qosh bo‘lmoqda. Ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ayol-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, ularning bandligini ta’minlashga intilmoqdalar. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ularning doimo diqqat-e’tiborida.

Arnabo‘yi mahallasi hokim yordamchisi Siroj O‘rozimbetov ham ana shunday faoliyati tufayli aholi hurmatini qozonmoqda. Uning bevosita aralashuvi va tavsiyasiga bilan shu yilning o‘zida 80 nafar ishsiz yoshlar qishloq xo‘jaligi sohasiga jalb etildi. 41 nafar ishsiz fuqarolarga o‘z tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishlari uchun imtiyozli narxlarda 1 milliard 141 million so‘mlik kreditlar olib berildi.

Hokim yordamchisi e’tiboridan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami ham chetda qolayotgani yo‘q. Xususan, mahallaning “Maxsum ovul” aholi punktida istiqomat qiluvchi Marhabo O‘rozaliyevaning o‘zi, turmush o‘rtog‘i ham ishsiz bo‘lganligi uchun ijtimoiy himoya yagona reyesstriga kiritildi. Unga subsidiya asosida 80 ta tovuq berilib, parrandachilik kooperatsiyasiga a’zo qilindi va tovuqlar uchun bir oylik ozuqasi g‘amlab berildi.

Shuningdek yaqinda “Temir daftar”ga kiritilgan, boquvchisini yo‘qotgan, farzandlarini yolg‘iz o‘zi voyaga yetkazayotgan Gulasal Eshmetova, Iliya Tajbenovalarga hokim yordamchisi Siroj O‘rozmetov 1 million 500 ming so‘m moddiy yordam puli tarqatdi.

Tumanimizdagi 49 ta ovul, mahalla, shaharchalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilarining budjeti mavjud. Ular davlat tomonidan ajratilgan pullarni odilona tasarruf etib, muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlayotgani e’tirofga sazovordir.

O‘zining zimmasidagi mas’uliyatli vazifasini sidqidildan ado etayotgani tufayli Arnabo‘yi mahallasi aholisi Siroj O‘rozmetovdan juda minnatdor. Uning hali rejalagan ishlari ko‘p.

Ayni kunlarda mahallada O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan bayram tadbirini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlariga ham bosh-qosh. Tadbir xalqimizning asriy orzusi bo‘lgan istiqlolimizning mazmun-mohiyatini, qadrini xalqimizga teran yetkazishga xizmat qilishi uchun qizg‘in tadoriklar ko‘rilayapti.

Oygul RAJABOVA.