O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Haitov Amudaryo tumanida bo‘ldi

Туман янгиликлари

20 avgust kuni O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Hayitov, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi boshlig‘i Husniddin Karimovlar Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldashev hamrohligida tumanning Do‘rman hamda Xolimbeg ovullaridagi fermer xo‘jaliklarida bo‘ldi.

Tashrif davomida dastlab mehmonlar Do‘rman ovulining fermer xo‘jaliklaridagi g‘o‘za maydonlarini ko‘zdan kechirdi.

Ko‘pni ko‘rgan, tajribali dehqonlar yoz chillasidagi harorat g‘o‘za nihollarining rivojlanishida va mo‘l hosil yetishtirishda muhim o‘rin tutishini yaxshi biladilar. Amudaryolik fermerlar ham g‘o‘za ekilgan 2 ming 200 gektar maydonlarda agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirib, vegetatsiya davridagi tadbirlarni optimal variantlarda va sifatli o‘tkazishga bor kuch va resursni sarf etmoqdalar.

Uchrashuv davomida Aktam Hayitov g‘o‘za parvarishida belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi samarali kurashish, oziqlantirish ishlarini yakunlash va ushbu maydonlarni sharbat usulida peshma-pesh sug‘orish hamda kultivatsiya qilish ishlarining tashkil etilishi bo‘yicha takliflarini berib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Xolimbeg ovulida istiqomat qiluvchi aka-ukalar Tursunboy hamda Erkinboy Tog‘ayevlarning xonadonlariga tashrif buyurildi. O‘zlarinig ixchamgina tomorqasidan unumli foydalanib, turli poliz ekinlarini yetishtirib katta daromad manbaiga ega bo‘layotgan aka-ukalar yetishtirgan mahsulotlarini bozor rastalariga chiqarib, aholini arzon hamda sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashga hissa qo‘shmoqdalar.

Darhaqiqat, tomorqa — rizq-nasiba, mo‘may daromad manbai. Uning dasturxonimiz fayz-u barakasi, aholi turmush farovonligi, yurt obodligini ta’minlashdagi o‘rnining esa qiyosi yo‘q. Hamma gap undan nechog‘li oqilona foydalana olishda.

Tashrif davomida mehmonlar Xolimbeg ovulida istiqomat qiluvchi, o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish orqali yo‘lga qo‘ygan fuqarolarning dalalarida ham bo‘ldilar.

Ushbu fuqarolar hokim yordamchisi Akmalbek Xolmuratovning ko‘magi bilan e-auksion tizimi orqali 25 sotixdan ijaraga yer olishib, yer maydonlarida yetishtirilgan ekinlarni agrotexnika qoidalariga rioya qilgan holda parvarishlab, sifatli poliz mahsulotlarini yetishtirdi.

Ekinlarning dastlabki hosilidan 15 mln. so‘m atrofida sof daromad ko‘rgan fuqarolar bugungi kunga kelib o‘z dalalariga takroriy ekinlar ekishgan.

Aktam Hayitov hamda Husniddin Karimovlar bir qarich yerdan ham unumli foydalanayotgan paxta dalalaridagi mirishkor dehqonlarimiz, tomorqasida oilasining yillik ehtiyojini qoplash bilan birga qo‘shimcha daromad topayotgan tumanimiz aholisining ishlariga omad tiladilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.