“Mehr daftari”ga kiritilgan bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda

Туман янгиликлари

Keyingi yillar mobaynida aholining yordamga muxtoj qatlamini manzilli himoyalash, ularning holidan xabar olish va maqsadli ko‘mak berish ishlariga jiddiy e’tibor kuchaydi. Ayniqsa, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalash, ularni hayotga tayyorlash, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, kasb egallashlari va hayotda o‘z o‘rnini topishga yordam berish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Bu boradagi ishlarni tizimlashtirish, natijadorligini oshirish, moliyaviy mablag‘lar hajmini oshirish va aniq maqsadga yo‘naltirish ishlarini yangi darajaga ko‘tarish dolzarb vazifaga aylandi. Ushbu maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida muhtaram Prezidentimizning tegishli Farmoniga muvofiq, “Mehr daftari” shakillantirildi.

Joriy yilning 31 avgust kuni Amudaryo tumani hokimligi binosida “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 9 nafar bolaga tuman hokimi o‘rinbosarlari Mahmud Shermetov, Go‘zal Saburova, hokimlik Bolalarni himoya qilish sho‘’basi rahbari Jahongir Xolmurodovlar Mustaqilligimizning 31 yillik bayrami munosabati bilan har birining qiymati 1 mln. so‘mni tashkil etuvchi maktab formalari va o‘quv qurollarini topshirishdi. Bolalar bunday e’tibor va g‘amho‘rlikdan nihoyatda hursand bo‘lishdi.

“Mehr daftari-oqibat daftari”. Darhaqiqat, ushbu daftarning yuritilishi orqali birinchidan, bolalarning ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lishining sabablari o‘rganiladi va aniqlangan muammolar bartaraf etiladi. Ikkinchidan, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka oladigan oilalar rag‘batlantirib boriladi. Uchinchidan esa o‘quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanuvchilarni bosqichma-bosqich farzandlikka, vasiylikka oladigan oilalarda tarbiyalashga o‘tkazish choralari ko‘riladi.

Qolaversa, yetim bolalarga mehr berish, ular orasidan qobiyatli yoshlarni yuzaga chiqarish, ularni hayotga tayyorlash, kasbga o‘qitish va jamiyat uchun manfaatli qatlam doirasini kengaytirish bilan bog‘liq ishlar tizimli ravishda olib boriladi.

Ushbu savobli ishlarni tashkil etish, monitoring qilish va nazoratga olishni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ma’sul etib belgilangan.

Vazirlik “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning har bir shaxsiga nisbatan alohida yondoshish, ularning jinsi, yoshi, qarashlari, ruhiyati, axloq-odobi, ijtimoiy muhitni o‘zlashtirishdagi yondoshuvlari va intilishlarini hisobga olgan holda tabaqalashgan tarzda o‘rganib, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishi nazarda tutilgan.

Masalan, har yili kamida ikki marotaba o‘quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan qizlarning ijtimoiy holatini o‘rganib borishga alohida e’tibor qaratiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni himoyalashning mamlakatimiz tarixida ko‘zatilmagan yangi tizimi yaratildi. Chunki, mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor, ular qanday ijtimoiy ahvolda bo‘lishidan qat’iy nazar, doimo yuqoridir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.