Yosh tadbirkorlarga yangidan yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda

Туман янгиликлари

Tadbirli, uddaburon, o‘zi va atrofdagilarning moliyaviy sharoitini yaxshilashga hissa qo‘shadigan insonlarga nisbatan “tadbirkor odam-da”, degan so‘zni doim ishlatib kelamiz. Ishbilarmon kishiga emin-erkin ishlashi uchun sharoit yaratib berilsa, uning faoliyati kengayib boraveradi. So‘nggi yillarda yurtimizda tadbirkorlarga ana shunday sharoit bilan birga, keng imkoniyatlar, soha rivoji uchun katta sharoitlar yaratilmoqda. Natijada “tadbirkor bo‘laman”, degan insonlar soni ortib, ular orasida xotin-qizlar, yoshlar safi ham tobora kengayib borayotgani quvonarli hol.
Bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish maqsadida joriy yilning 31 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Recpublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
 Farmonga muvofiq,  Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi yosh tadbirkorlarga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida hukumat komissiyasining qaroriga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali 7 yil muddatga qarz mablag‘lari taqdim etiladigan bo‘ldi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 2022 yil yakuniga qadar dastur uchun ajratilgan resurslar hisobidan qo‘shimcha ravishda 200 milliard so‘m kredit ajratilishi yosh tadbirkorlar uchun katta imkoniyatdir.
Ishonamanki, ushbu Farmonda tadbirkorlar uchun berilgan imkoniyat va qulayliklardan foydalanib Vatanimiz taraqqiyotiga va xalqimizning turmush forovonligi ta’minlanishiga hissa qo‘shuvchi yosh tadbirkorlar soni yanada ko‘payadi.


R. Salayev tuman hokimining birinchi o‘rinbosari