“BЕSH TASHABBUS OLIMPIADASI”NING IKKINCHI MAVSUMINI YUQORI SAVIYADA TASHKIL ETISH VA O‘TKAZISHGA BAG‘ISHLANGAN MATBUOT ANJUMANI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Ma’lumki, joriy yilda Respublikamizda ilk bora yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakillantirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan 5 bosqichni o‘z ichiga olgan “Besh tashabbus olimpiadasi” tashkil etildi.
Endilikda mazkur olimpiadaning 2-mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, yoshlarning qamrov darajasini oshirish, ularni olimpiada doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy, sport tadbirlariga keng jalb etish, hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish talab etiladi.
9 sentabr kuni tuman hokimligi binosida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani ana shu masalalarga bag‘ishlandi.
Matbuot anjumanida Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismailov, tuman Sportni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i  G‘ulomjon Qurbonboyev hamda tuman Madaniyat bo‘limi, IT markazi xodimlari, Bolalar va o‘smirlar sport maktabi trenerlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Anjumanda 1-mavsum natijalari sarhisob qilindi.
 Aytib o‘tilganidek, olimpiadaning  “mahalla-sektor-tuman” bosqichlarida 17 ta yo‘nalishda musobaqa va tadbirlar yuqori saviyada tashkil etilib, unda 27 mingdan ortiq havaskor yoshlar ishtirok etishdi.
O‘tkazilgan  sport musobaqalari va tadbirlarda Olimpiadaning hududiy- Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida jami 41 nafar yoshlarimiz g‘olib va sovrindorlari qatoridan joy olib, Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.
 Olimpiadaning Respublika bosqichida tumanimizning 6 ta mahallasidan yoshlar qatnashib fahrli birinchi va ikkinchi o‘rin egalari bo‘lishdi.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlar 2- mavsumni yuqori saviyada tashkil etish, sport musobaqalari va tanlov turlari to‘g‘risida savollar bilan murojaat qildilar.
Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismailov “Besh tashabbus olimpiadasi” ertaga− 10 sentabr kunidan start olishi va ushbu mavsumda 14 turdagi musobaqa va tanlovlar bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
 Shuningdek, ushbu olimpiadaning 2-mavsumida qatnashish istagidagi yoshlarga @beshtashabbusbot orqali yoki mahalladagi yoshlar yetakchisi orqali murojaat qilib ro‘yhatdan o‘tishlari mumkinligini eslatib o‘tdi.
Shuningdek, tumanimizdagi 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning barchasini olimpiadaning 2-mavsumida faol ishtirok etishga chaqirdi.  

   Tuman hokimligining Axborot xizmati