“XAVFSIZ TUN” QO‘SHMA RЕYDI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi, Voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlashish guruhi va Yoshlar ishlari Agentligi Amudaryo tuman bo‘limi tomonidan tuzilgan ishchi guruh a’zolari bilan birgalikda voyaga yetmaganlarning nazoratsiz va qarovsiz qolishining oldini olish maqsadida internet klublar, umumiy ovqatlanish oshxonalari, avtomashina yuvish shoxobchalari ko‘zdan kechirilib, voyaga yetmaganlar va yoshlarning maqsadsiz ko‘chalarda yurishlarining oldini olishga qaratilgan kunduzgi va tungi reydlar o‘tkazilmoqda.

Amudaryo tumanida Ichki ishlar bo‘limi, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi profilaktika inspektorlari, voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlashish guruhi katta inspektori va inspektor-psixologlari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 yanvar kungi “Mahallada yoshlar bilan ishlashish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan barcha ovul va mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida keng ommalashtirish, “Besh muhim tashabbus” loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ovul va mahallalar yoshlar yetakchilari ishtirokida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Tumandagi o‘quv maskanlarida voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular o‘rtasida huquqbuzarlikka qarshi kurash, vatanparvarlikni targ‘ib qilish, yoshlarning “Ommaviy madaniyat” ta’siriga tushishning oldini olish borasida muntazam ravishda davra suhbatlari va ochiq muloqotlar o‘tkazilib, profilaktik tadbirlar tashkil etilmoqda.

Ayni paytda tumanda voyaga yetmaganlar 70 ming 662 nafarni tashkil etadi. 85 ta umumta’lim muassasalarida hozirgi kunda 37 ming 912 nafar o‘quvchi, 51 ta maktabgacha muassasalarida 9 ming 612 nafar bolalar ta’lim-tarbiya olishmoqda.

2022 yilning sentyabr oyiga qadar voyaga yetmaganlar orasida 213 ta holatda huquqbuzarliklar aniqlanib, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 47-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha voyaga yetmaganlarning ota-onalariga ma’muriy choralar qo‘llanildi.

Mutasaddi tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilgan reydlar jarayonida nazoratsiz va qarovsiz qolgan 102 nafar voyaga yetmagan o‘smirlar aniqlanib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limining Voyaga yetmagan shaxsga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.

Amudaryo tumani Mang‘it shahri hududida muntazam ravishda o‘tkazilayotgan “Xavfsiz tun” tadbiri davomida ham tungi paytda bemaqsad ko‘chada yurgan 256 nafar voyaga yetmaganlar IIB va tayanch punktlarga olib kelindi va profilaklik suhbat o‘tkazilib, ota-onalariga topshirildi.

Bundan tashqari, internet klublarda 9 ta holatda voyaga yetmaganlar shug‘ullanayotgani aniqlanib, mazkur klublarning egalariga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari, ya’ni 3 million so‘m miqdorida jarima solindi.

Xalqimizda bir bola yetti mahallaning yuzi va bir bolaga yetti mahalla ota-onadir, degan hikmatlar bejizga yaratilmagan. Chunki bir noqobil bolaning odobsizligi yoki huquqbuzarligi o‘sha bola yashaydigan butun mahalla bolalarining sha’niga, obro‘li oilalarning farzandlari odob-axloqiga nisbatan salbiy fikrlar tug‘ilishiga sababchi bo‘ladi. Huquqbuzarlikni sodir etgan bolaning qaysi mahalladan ekanligini aytishsa, darhol umumiy baho berishib: “ular to‘polonchi yoki odobsiz, huquqbuzar bolalar”, - deb qo‘yaqolishadi. Shuning uchun bir yomon buzoq butun podani bulg‘agani kabi bir tarbiyasi og‘ir bolaning kasriga boshqa mahalladoshlari ham giriftor bo‘lib qolaverishadi. Ota-onalardan iltimos qilardikki, farzandlaringizning yurish-turishidan, kimlar bilan birga o‘ynab, qayerlarga borayotganlaridan ogoh bo‘ling.

Yarim tunlargacha internet klublari eshigini ochib o‘tirgan, o‘zini tadbirkorman, deb hisoblab, voyaga yetmaganlarning internet tarmoqlari orqali turli pornografik ma’lumotlar bilan tanishishlariga sharoit yaratib berishayotgan shaxslarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy choralar ko‘rilishiga qaramasdan bu kabi salbiy holatlar, afsuski, uchrab turibdi. Shu bois, “Xavfsiz tun” tadbirini yil davomida tizimli ravishda o‘tkazish, tadbirning qamrov maydonini yanada kengaytirish, olis qishloq hududlarigacha kirib borib, voyaga yetmaganlar va uyushmagan yoshlarning tunlari bemaqsad ko‘chada yurishlarining oldini olish har birimizning zimmamizdagi mas’uliyatli vazifa ekanligini unutmasligimiz kerak.

Rasul XOLMURODOV, Amudaryo tuman IIB voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlashish guruhi katta inspektori.