Amudaryo tumani bo‘yicha yil boshidan buyon 25 mingdan ortiq shaxsga salkam 200 mlrd so‘m pensiya va nafaqa pullari to‘landi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda. Bu borada Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining Amudaryo tuman bo‘limi tomonidan ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bo‘lim xodimlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolarning davlat pensiya ta’minotini tashkil etish, fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya to‘lovlari va boshqa to‘lovlarni tayinlash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarining qayta hisoblab chiqilishini ta’minlash ishlarini sifatli tarzda amalga oshirib kelmoqdalar. Shuningdek, tuman miqyosida pensiyalar va boshqa to‘lovlarni to‘liq hajmda moliyalashtirish va to‘lanishini tashkil etish, ular bo‘yicha hisob va hisobotni yuritish ham mazkur bo‘lim xodimlarining zimmasiga yuklatilgan.

Bugungi kunda bo‘limda 21 ta shtat birligi mavjud bo‘lib, shundan, Pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni tayinlash, qayta hisoblash hamda to‘lovlarni tashkil qilish shu’basida 11 nafar xodim, "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimi orqali davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini tadim etish shu’basida 5 nafar xodim faoliyat yuritib kelmoqda.

Amudaryo tumani bo‘yicha 2022 yil 1 sentyabr holatiga pensiya va nafaka oluvchilar soni 25 ming 332 nafarni tashkil qiladi. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida ularga jami 193,1 mlrd. so‘mlik pensiya va nafaqalar to‘lab berildi. Mazkur shaxslarning 18 ming 515 nafari yoshga doir, 2654 nafari nogironlik, 1141 nafari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchi  pensioner, 3022 nafari zarur mehnat stajiga ega bo‘lmagan ijtimoiy nafaqa oluvchi fuqarolardir.

Shuningdek, bo‘lim mutaxassislari tomonidan oyma-oy to‘langan pensiya va ijtimoiy nafaqalarning o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishi yuzasidan doimiy monitoring ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, mahallalar mas’ul xodimlari tomonidan kam ta’minlangan oilalarga bollalar nafaqasi va moddiy yordamlar tayinlash bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar ham o‘rganilib, belgilangan tartibda moliyalashtirilmoqda. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimi orqali joriy yil 1 sentyabr holatiga jami 22 ming 496 ta kam ta’minlangan oilalarning 21 ming 206 tasiga bolalar nafaqasi, 1290 tasiga moddiy yordam pullari tayinlandi va ularga to‘qqiz oy davomida jami 83,8 mlrd. so‘m to‘landi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 maydagi “Fuqarolarga davlat pensiyalarini yetkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining Amudaryo tuman bo‘limida ham 2022 yilning 1 iyulidan boshlab davlat pensiyalarini fuqarolarning faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi orqali tayinlash tartibi yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilning 1 iyulidan 1 sentyabriga qadar 256 nafar fuqarolarga pensiya va nafaqalar mazkur tartib asosida tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Qoralpog‘iston Respublikasi Amudaryo tuman bo‘limi xodimlari aholini ijtimoiy himoya qilish borasida o‘rnatilgan tartib-taomillar va qoidalarga qat’iy rioya qilgan holda samarali faoliyat yuritib, aholiga beminnat xizmat ko‘rsatmoqdalar.

Fotima Eshimbetova