Oliy Majlis Senatining 32-yalpi majlisida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Jamiyat taraqqiyoti, mamlakat rivoji qonun ustuvorligi bilan kafolatlanadi. Har qanday sharoitda, har qanday vaziyatda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yosh avlod tar’lim-tarbiyasiga yanada jiddiy e’tibor qaratish muhim vazifalardan sanaladi.

Oliy Majlis Senatining joriy yil 13 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisida ushbu yo‘nalishlarning huquqiy asosini takomillashtirishga oid bir qator masalalar senatorlar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilib, qizg‘in muhokama etilgan edi. Yalpi majlisda senatorlar tomonidan 13 ta masala, shu jumladan 5 ta qonun muhokama etildi.

22 sentyabr kuni Amudaryo tumani hokimligining katta majlislar zalida Senatning yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan masalalar, muhokama qilingan qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini tushuntirish va jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, senator Batir Matmuratov, tuman hokimi o‘rinbosari Go‘zal Saburova, tumandan saylangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, sektor rahbarlari, fuqarolar yig‘inlari raislari hamda tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va olib bordi.

Dastlab senator Batir Matmuratov 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Shanhay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Sammit davomida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan bildirilgan takliflar, davlat rahbaralari bilan olib borilgan muzokaralar hamda muhim strategik ahamiyatga ega shartnomalarning imzolanishi mamlakatimiz taraqqiyotida nihoyatda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng senator yalpi majlis davomida ko‘rib chiqilgan qonun hujjatlari yuzasidan ma’ruza qildi.

Yig‘ilishda “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi va “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi Qonun loyihalarining mazmun-mohiyati yuzasidan tuman Davlat xizmatlari markazi mutaxassisi Bobur Qadamovning ma’ruzasi tinglandi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda so‘nggi 5 yilda elektron tijorat sohasida yalpi ishlab chiqarish hajmi 48 barobarga oshib, 1,1 trln. so‘mni tashkil qilmoqda. Lekin, “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi 2015 yilda qabul qilingan amaldagi Qonun ishlab chiqilgan davrda bu imkoniyatlar yetarli darajada rivojlanmagan edi.

Yangi tahrirdagi “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonun “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda elektron shartnomalarni tuzishning aniq tartibi belgilanmoqda.

Jumladan, elektron hujjatlarning yuridik kuchi, ofertaga qo‘yiladigan talablar, elektron hujjatlarni saqlash xususiyatlari, elektron bitimni amalga oshirish tartibi hamda elektron shartnomalarni tuzish shartlari huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilmoqda. Qonun loyihasi senatorlar tomonidan ma’qullangan.

Shuningdek, yig‘ilishda “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi bo‘yicha ham keng tarzda tushintirishlar berildi.

Aytish kerakki, yil sayin internet tarmoqlari orqali masofadan, ya’ni onlayn xizmatlar ko‘rsatish rivojlanyapti. Ayniqsa, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan elektron hujjat aylanishi ortib borayotgani tufayli elektron raqamli imzodan foydalanish ommalashdi. “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi Qonun 2003 yilda qabul qilingan bo‘lsa ham, tobora rivojlanib borayotgan axborot asrida mazkur qonunga qator o‘zgartirishlar kiritish kerakligini taqazo qildi va qonun yangi tahrirda ishlab chiqildi. Mazkur Qonun loyihasi ham senatorlar tomonidan maqullangan.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasining mazmun-mohiyati haqida tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamaladdin Yusupov keng turda tushuntirish berib o‘tdi.

Sir emaski, oxirgi paytlarda elektron to‘lov vositalari yoki masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlaridan foydalanib, o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish, firibgarlik, o‘g‘rilik jinoyatlari ko‘p sodir etilmoqda. Shu boisdan ushbu Qonun bilan bunday turdagi jinoyatlar uchun jazo og‘irlashtirilmoqda.

Endilikda axborot tizimlariga noqonuniy kirib va ulardan foydalanib sodir etilgan firibgarlik jinoyati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima to‘lanadi. Hozir bu miqdor 100 dan 300 baravarigacha edi. Yoki amaldagi normaga ko‘ra ushbu jinoyat uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan bo‘lsa, endilikda bu muddat 5 yildan 8 yilgacha etib qat’iy belgilanmoqda.

Yig‘ilishda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi bilan Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi boshlig‘i Qadam Ismailov tanishtirdi.

Qonun bilan 2023 yilning 1 yanvaridan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobariga oshirish nazarda tutilyapti.

Qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartishga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarga pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan ortiq bo‘lmagan, ya’ni 3 888 000 so‘m miqdoridagi o‘rtacha oylik ish haqidan hisobga olinishi belgilanmoqda. Natijada 352 ming nafar fuqaroning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinib, o‘rtacha oylik pensiya miqdori 400 ming so‘mgacha oshadi.

Yig‘ilish davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutasaddilarga murojaat qilib, tegishlicha javoblar oldi.

Yig‘ilish yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Sanobar Xo‘jamuratova kun tartibida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi hamda barcha deputatlarni qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va jamiyatimizdagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy yangiliklarni keng aholi qatlamiga yetkazishda yanada faol bo‘lishga chaqirdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.