O‘ZBЕKISTON MAHALLASIDA TIBBIYOT BIRLASHMASI RAHBARINING AHOLI BILAN UCHRASHUVI VA CHUQURLASHTIRILGAN TIBBIY KO‘RIK TASHKIL ETILDI

Туман янгиликлари

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida shu yil 28 mart kuni kengaytirilgan tarzdagi videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, unda sog‘liqni saqlash sohasi mas’ullariga qator topshiriqlar berilgan edi. Shunga ko‘ra tumanlar tibbiyot birlashmalari rahbarlari mahallalarda uchrashuvlar o‘tkazib, tibbiyot sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar, ularning natijalari, sohaga oid yangiliklar, aholiga birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy xizmatlardan foydalanish bo‘yicha yaratilayotgan imkoniyatlar va o‘zlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hisobotlarini aholiga shaxsan yetkazib borishmoqda.

Amudaryo tumanida ham Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Faxriddin Abdullayev tomonidan ovul va mahallalarda aholi bilan uchrashuvlar, tibbiyot xodimlari ishtirokidagi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil etilmoqda.

Shu yil 24 sentyabr kuni O‘zbekiston mahallasida ham tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining aholi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mahalladagi 5-sonli oilaviy poliklinikada bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda Birlashma rahbari tibbiyotni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosiga doir 9 oylik hisobot bilan tanishtirib, sohada amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumotlar berdi. Shu bilan, birga tibbiyot birlashmaning tor doiradagi mutaxassislar, ya’ni terapevt, kardiolog, endokrinolog, oftalmolog, jarroh, nevropatolog, akusher-ginekolog shifokorlari ishtirokida tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.

Shu kuni 387 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 91 nafarida turli kasalliklar aniqlandi. Bemorlarning 89 nafariga ambulator va 2 nafariga statsionar sharoitda davolanishga tavsiya qilindi. Shuningdek, mahallaning 32 nafar fuqarosi EKG, 47 nafari UZI tekshiruvlari o‘tkazildi. Uyda yotgan 1 nafar bemor ahvolidan xabar olinib, kerakli tavsiyalar va dori-darmonlar berildi.

O‘zbekiston mahallasidagi 5-sonli qishloq oilaviy poliklinikasida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatiladi. Muassasada 7 nafar shifokor, shundan 4 nafari umumiy amaliyot shifokori hamda 24 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat yuritmoqda.

Ushbu tibbiyot maskani tuman markazidan 21 km. uzoqlikda joylashgan. Mahalladan tibbiyot maskanigacha bo‘lgan masofa 5 km.ni tashkil qiladi. Oilaviy poliklinikada bir smenada qatnovlar 60 quvvatiga ega bo‘lgan ambulatoriya-poliklinikasi ham faoliyat ko‘rsatadi.

Mahalla hududidagi 578 ta xonadonda 3481 nafar aholi yashaydi. Aholining 1641 nafari ayollar, 1840 nafari esa erkaklardir. 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar 67 nafarni, 14 yoshgacha bo‘lganlar 854 nafarni, 15-17 yoshdagilar 217 nafarni tashkil qiladi. Aholining 1132 nafari 18-40 yoshlilar, 1287 nafari 41 yosh va undan kattalar, 831 nafari esa tug‘ish yoshdagi ayollardan iborat. Shuningdek, ro‘yxatdagi nogironlar soni 51 nafarni, nogironligi bo‘lgan bolalar esa 11 nafarni tashkil qiladi.

Hududda joriy yil davomida 40 ta, o‘tgan yili 44 ta tug‘ilish qayd qilingan. Undan tashqari, shu yilning aprel oyida qandli diabet kasalligini aniqlash maqsadida skrining tekshiruvlari o‘tkazilib, 3 nafar bemorda qandli diabet kasalligi aniqlandi va nazoratga olindi. Endokrinolog shifokor bilan birgalikda bemorlarni sog‘lomlashtirish ishlari olib borildi.

Kamqonlikning oldini olish maqsadida hududda 10-17 yoshlardagi 224 nafar kizlarga “Ferrumfumorat” tabletkasi berildi. Shuningdek, kamqonlikning oldini olish va profilaktika qilish maqsadida tug‘ish yoshidagi 18-35 yoshlar oralig‘idagi 636 nafar ayol-qizlarga “Foliy kislotasi” tabletkasi, 3-15 yoshdagi 759 nafar bolalarga “Antistrumin” tabletkasi, 97 nafar homilador ayollarga esa “Torivit” tabletkasi berildi.

Yurak-qon tomir kasalliklari bilan “D” hisobda turgan, tug‘ma yurak nuqsoni tashxisi qo‘yilgan 15 yoshli bir nafar bemorga order berilib, Toshkent shahridagi ixtisoslashgan markazda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Tuman Tibbiyot birlashmasi rahbari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv davomida mahalla aholisi shu kabi ma’lumotlar bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.

O‘tkazilgan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikda kasallik belgilari aniqlangan bemorlarga tibbiy tavsiyalar, maslahatlar berilib, sog‘lom turmush tarziga amal qilish tartibi batafsil tushuntirildi.

Bu kabi tadbirlar boshqa hududlarda ham o‘tkaziladi.

F.Abdullayev, tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i.