Sportning an’anaviy karate-do turi bo‘yicha ochiq chempionat bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, jismoniy tarbiya va sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor Yangi O‘zbekiston kelajagini yuksaltirish, millat genafondini yanada sog‘lomlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qolaversa, hukumatimiz tomonidan sohani rivojlantirish orqali O‘zbekiston sportini dunyo miqyosida namoyon etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Darhaqiqat, sport olimpiadalarida sportchilarimiz erishgan muvaffaqiyatlari yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishi bilan birga yosh avlodning jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishida muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Shu maqsadda Respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani singari Amudaryo tumanida ham sport sohasiga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda.

27 sentyabr kuni Mang‘it shahri Olmazor mahallasi hududidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabida Qoraqalpog‘iston Respublikasi an’anaviy karate-do federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida sportning an’anaviy karate-do turi bo‘yicha tuman ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.

Chempionat 5-17 yosh oralig‘idagi o‘smirlar va qizlar o‘rtasida, shuningdek 18 yoshdan kattalar o‘rtasida o‘tkazildi.

Chempionatning ochilish marosimida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi an’anaviy karate-do federatsiyasi Prezidenti O‘ktam Abduraimov, 3-sektor rahbari, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamaladdin Yusupov, 4-sektor rahbari, tuman Davlat Soliq inspeksiyasi boshlig‘i Aydos Seyitov, Amudaryo tumani sportni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i G‘ulom Qurbanbayev hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug orkestr jamaosi ishtirok etishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi an’anaviy karate-do federatsiyasi Prezidenti O‘ktam Abduraimov mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangani, sport aholi salomatligini mustahkamlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash orqali jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Shuningdek, sport turli kasalliklar, yoshlar o‘rtasida zararli odatlarning oldini olishga xizmat qilishini, qolaversa sport yuksak madaniyat, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev tumandagi yoshlarning sport sohasida erishayotgan muvaffaqiyatlirini, qo‘lga kiritayotgan g‘alabalarini e’tirof etdi. Shuningdek, mustaqillik yillarida sportni rivojlantirish sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganini, aholining, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilganini, hududlarimizda ko‘pgina sport inshootlari va majmualari, o‘yingohlar bunyod etilganini ta’kidlab, chempionat qatnashchilarining barchasiga omad tiladi va chempionatni ochiq deb e’lon qildi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangrab, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug orkestr jamaosining chiqishlari namoyish etildi.

Musobaqada 50 dan ortiq tumanimiz sportchilari hamda Qo‘ng‘irot tumanidan tashrif buyurgan o‘smirlar va qiz bolalar ishtirok etishdi. Musobaqa har bir yosh toifasi bo‘yicha olimpiya tizimi asosida o‘tkazildi.

Chempionat yakunida g‘olib bo‘lgan sportchilar esdalik sovg‘alari va diplom bilan taqdirlandi. Shuningdek, tumanda sportni rivojlantirishga, ayniqsa, karate-do turining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan sektor rahbarlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi an’anaviy karate-do federatsiyasining tashakkurnomasi tantanali tarzda topshirildi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.