Qumyopda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari qizg‘in davom etmoqda

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida joriy yilning 15  yanvarida “Mahallabay” ishlash va kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2022 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar”ga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda “mahallabay” ishlash va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida  aholini ish bilan ta’minlash, aholining uylari atroflarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish kabi xayrli ishlarni amalga oshirish vazifalari belgilab berilgan edi. Ushbu topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumanida ham rejalar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Xususan, tumanning qoloq va sharoiti og‘ir ovul, mahallalari aniqlanib, ushbu hududlarda qurilish, aholining uyi atroflarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu ishlar uchun ajratilayotgan mablag‘lar maqsadli sarflanib, ishlar samarali amalga oshirilayotir.

Tumanimizning chekka hududi – Qangli ovulidagi Qumyop mahallasida ham ushbu yo‘nalishda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari keng ko‘lamda olib borilyapti.

Xususan, shu yilning 27 avgustidan 15 sentyabrigacha 1,2 kilometr uzunlikdagi 3 ta ko‘cha asosi tuproq bilan ko‘tarilib, tosh-shag‘al to‘kishga tayyorlandi. 20 ta ko‘chaning 7,8 kilometr uzunlikdagi qismiga tosh-shag‘al yotqizildi. 330 ta uy-joylarning fasad qismi tartibga keltirilib, obodonlashtirildi va devorlari bo‘yaldi.

Mahalla hududidagi asosiy avtomobil yo‘lining 1 kilometriga tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Mahalla fuqarolar yig‘ini binosi homiylar mablag‘lari hisobidan kapital ta’mirlanmoqda. Shuningdek, hududdagi 44-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mahalliy budjetning 248,5 million so‘m mablag‘i hisobiga ta’mirlanmoqda. Ta’mirlash ishlari pudratchi tashkilot “Kamolov eshiklari” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchi ustalari tomonidan sifatli amalga oshirilayotir.

Hududdagi 74-sonli maktab binosi ham ta’mirtalab ahvolga kelib qolganligi inobatga olinib, binoda o‘quvchilar uchun munosib sharoitlar yaratish maqsadida mahalliy budjetning 435 million so‘mdan ziyod mablag‘i hisobiga sifatli ta’mirlanmoqda. Bu ishlarni “Mang‘it invest maksimum” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari ado etishmoqda.

Mahalla o‘smir-yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni sport mashg‘ulotlariga jalb qilish, sportning ommaviyligiga erishish maqsadida sport maydonchasi bunyod etildi. Shuningdek, “tashabbusli budjet” mablag‘lari hisobidan 1 ta transformator va 34 ta tayanch ustunlar o‘rnatilib, elektr ta’minoti sifati yaxshilandi, 2 kilometrlik  uzunlikda  elektr liniyasi tortildi.

Mamlakatimizda aholi turmushi sifatini oshirish, inson qadrini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan say-harakatlar eng chekka hududlarda ham yaqqol namoyon bo‘layotgani kishini quvontiradi, ertangi kunga ishonchini oshiradi. Buni tumanimizning Qumyop mahallasi misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Qumyopda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari shu kunlarda ham qizg‘in davom ettirilmoqda.

Oygul Rajabova