Qonunchilik Palatasi deputatlari va sektor rahbarlari ilg‘or terimchilar bilan uchrashdi

Туман янгиликлари

Amudaryolik dehqonlar yil-o‘n ikki oy daladagi mashaqqatli mehnatlari samarasida yetishtirgan hosilini qisqa kunlarda yig‘ib-terib olish yo‘lida astoydil mehnat qilmoqdalar. Dala boshida terimchilarga barcha sharoitlar yaratilgani, issiq ovqat, choy tashkil etilgani, terim pullarining vaqtida berib borilayotgani ularni yanada g‘ayrat va shijoat bilan mehnat qilishga undamoqda.

Oppoq bo‘lib ochilgan paxtalarni terishning ham o‘ziga yarasha zavqi bor. Ayniqsa, mehnat munosib rag‘batlantirib borilsa bu ishtiyoq yanada oshadi.

29 sentyabr kuni Amudaryo tumanida joylashgan, tajribali fermer Shavkat Yaxshimuratov rahbarlik qilayotgan “Yusufxo‘ja” fermer xo‘jaligida mana shunday fidoyi va ilg‘or terimchilarni rag‘batlantirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Zumrad Bekatova hamda Ruslan Djumamuratov, tumandagi sektorlar rahbarlari, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasi mas’ullari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari va mazkur fermer xo‘jaligida paxta terimida qatnashayotgan ishchilar ishtirok etishdi.

Dastlab, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev fermer xo‘jaligining paxta tayyorlash rejasini ortig‘i bilan bajarganini e’tirof etib, ularni ushbu muvaffaqiyatlari bilan samimiy tabrikladi.

Ma’lumot uchun, “Yusufxo‘ja” fermer xo‘jaligining 80 gektar maydoniga chigit ekilgan bo‘lib, agrotexnik tadbirlar vaqtida bajarilgani bois dalalarda mo‘l hosil to‘plandi. Natijada fermer klaster korxonasiga rejadagi 140 tonna paxta o‘rniga 262 tonna paxta hom-ashyosini topshirdi. Fermerning ma’lum qilishicha, hali xo‘jalik paxta dalalaridan yana 100 tonna paxta hom-ashyosini terib olish mumkin.

Uchrashuvda sektor rahbarlari ham so‘zga chiqib, terimchilarga yurtimiz iqtisodiyotiga, aholi farovonligiga qo‘shayotgan xissalari uchun minnatdorlik bildirishdi. Fermer xo‘jaligi dalalarida o‘zining bor kuch-g‘ayratini ayamasdan mehnat qilayotgan 150 nafar terimchilarga mustahkam sog‘lik-salomatlik tilashdi.

Shundan so‘ng, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zumrad Bekatova mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan muhim ijobiy yangiliklar, jumladan, aholi farovonligini, yurt ravnaqini yuksalitirish, eng asosiysi inson qadrini ulug‘lash maqsadida qabul qilinayotgan qaror va farmonlarga to‘xtalib o‘tdi.

Shu bilan birga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Zumrad Bekatova hamda Ruslan Djumamuratovlar paxta yig‘im-terimi mavsumi davrida majburiy mehnatga va bolalar mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik lozimligini, bunday hollar aniqlansa tegishli mutasaddilar qonun oldida javobgarlikka tortilishini aytib o‘tishdi.

Uchrashuv davomida mutasaddilar kuzning goh salqin, goh issiq kunlariga qaramasdan, g‘ayrat bilan mehanat qilayotgan ilg‘or terimchilarni qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirdi. Terimchi ayollar o‘zlariga ko‘rsatilayotgan bu kabi e’tibordan mamnun bo‘lib, yanada faol mehnat qilishlarini ta’kidlashdi.

Paxta – oqlik, beg‘uborlik timsoli. Boisi, u halol va fidoyi mehnatdan yaraladi. Shunday ekan, dalalardagi “oq oltin”ning bir misqolini ham qoldirmay yig‘ib-terib olish har bir fermer xo‘jaligi rahbarining, ishchilarining va pudratchilar hamda hasharchilarning bugungi kundagi dolzarb vazifasidir.

Paxta yig‘im-terim ishlarida nafaqat “Yusufxo‘ja” fermer xo‘jaligi, balki tumandagi barcha xo‘jaliklar ishchilari va hasharchilari ham faol qatnashib, mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazishga munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Fotima Eshimbetova,

tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.