Oq oltin ovulidagi “Yakubova Gavhar” fermer xo‘jaligi ishchilari shartnomaviy rejadagi 296 tonna o‘rniga 300 tonna hosil yig‘ib olishdi

Туман янгиликлари

Dehqonchilikda oson kelgan yilning o‘zi yo‘q. Goh bahor seryog‘in kelib, ekin-tikin ishlari kechiksa, ayni g‘o‘za parvarishi avj olgan yoz pallasida suv tanqisligi kuzatiladi. Kuzda esa dehqonlar sovuq kunlarning barvaqt boshlanishidan oldin yig‘im-terim ishlarini yakunlashga intiladilar.

Amudaryolik “Yakubova Gavhar” fermer xo‘jaligi rahbari Davron Xolmenov shu boisdan ham fermer xo‘jaligini tashkil etgan ilk kunlardanoq, avvalo ishni xo‘jalik yerlarining tabiiy xususiyatlarini o‘rganishdan boshladi. Sizot suvlarining  tuproqning unumdor qatlamiga qanchalik yaqinligi, yerlarning sho‘rlanish darajasini puxta  o‘rganib, ekin-tikin ishlarini aniq reja asosida tashkil etdi. Chunki sho‘rlanish darajasi yuqori bo‘lgan dalalarga shoshilinchda chigit ekilsa, namlik me’yordan baland bo‘lganligi uchun unib chiqishi qiyinlashib, aksariyat hollarda urug‘ chirib ketishi mumkin. Shu bois, bunday yerlarning sho‘rini yuvishga alohida e’tibor qaratdi, xo‘jalik hududidagi ichki kollektorlarning zax suvlarni o‘tkazuvchanlik holatini yaxshiladi. Natijada xo‘jalik yerlari meliorativ talablar darajasiga yetkazildi. Mana, 18 yildirki, “Yakubova Gavhar” fermer xo‘jaligi tumanda ilg‘or xo‘jaliklar qatorida tilga olinadi.

Joriy dehqonchilik yili ham fermer xo‘jaligi ishchilari uchun sinovlar bilan boshlandi. Oqar suv tanqisligi, bahorgi tabiat  injiqliklarini mardonavor yenggan dehqonlar 90 gektar yerda paxtadan mo‘l hosil undirdilar.

Asosan “Sulton” navli urug‘lik paxta yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligida dalalar 180 nafardan ziyod ishchilarga ijara pudrati asosida taqsimlab berilgan. Barcha  agrotexnika tadbirlari o‘z vaqtida, sifatli olib berilgani bois, g‘o‘za parvarishi jarayonida muammo bo‘lmadi. G‘o‘za parvarishi bilan bir vaqtning o‘zida 2021-2022 yil hosili uchun ekilgan 60 gektar yerdagi g‘alladan ham yuksak xirmon ko‘tarildi. Shartnomaviy rejadagi 150 tonna o‘rniga 300 tonna “qirmizi don” yig‘ishtirib olindi. Hosildorlik har gektar hisobiga 50 sentnerga yetkazilib, reja 200 foizga uddalandi. Bundan  ham quvonchlisi, shartnomaviy  rejadan tashqari yetishtirilgan 150 tonna bug‘doy xo‘jalik ixtiyorida qoldi va ma’lum qismi fermer xo‘jaligi ishchilari uchun tarqatildi.

Paxtachilikda ham bu yilgi mavsumni zalvorli qadamlar bilan boshlagan xo‘jalik dehqonlari birinchi terimdayoq shartnomaviy rejani ortig‘i bilan uddaladilar. 90 gektar paxta maydonining har gektaridan 34 sentnerdan, shartnomaviy rejadagi 296 tonna o‘rniga 300 tonna hosil yig‘ib olishdi.

Erishilgan yuksak natijada mavsum boshidan beri har biri 5-6 tonna paxta terishib, boshqalarga namuna bo‘lgan fermer xo‘jaligi ishchilaridan Zumrad Qutlimurodova, Muhayyo Nurmanova, Gulbahor Matsafoyevalarning hissasi katta bo‘ldi. Ayni paytda chevar terimchilar orasida mavsum boshidan beri 9-10 mln. so‘m atrofida ish haqi olganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Xo‘jalik dalalarida paxta terayotgan terimchilar va ko‘ngilli hasharchilarga dala boshida choshgohlik va tushlik uchun yaxshi sharoitlar  yaratilgan. Kunlik ish haqlari ayni paytda har bir kilogramm paxta uchun 2 000 so‘mdan, tarozi boshida hisob-kitob qilinayotganidan terimchilar mamnun. Shunga yarasha ish unumi ham yuqori.

Joriy yilgi paxta yig‘im-terim mavsumini yanada muvaffaqiyatli yakunlash maqsadida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan fermer xo‘jaligi rahbari Davron Xolmenovning hisob-kitoblariga ko‘ra, faqat paxtachilikning o‘zidan 3 mlrd. so‘m daromad olinishi kutilmoqda.

Ayni paytda esa xo‘jalik dalalarida paxta yig‘im-terimi davom ettirilib, qabul punktlariga kuniga 2-3 tonna atrofida paxta topshirilmoqda.

Xo‘jalikning 2022-2023 yil hosili uchun ekilgan 64 gektar yerdagi bug‘doyzorlarida esa bir tekis unib chiqib, bachkilashni boshlagan yam-yashil bug‘doy maysalariga kuzgi ishlov berish, oziqlantirish ishlari samarali amalga oshirilmoqda.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.