TUMANIMIZNING IQTIDORLI, UMIDLI QIZI

Туман янгиликлари

Yoshligidanoq ko‘pgina yutuqlarga erishayotganlar haqida eshitsak, yo o‘qisak, havas qilamiz-u biroq  o‘sha yutuqlar nechog‘lik intilishlar, mehnatlar evaziga qo‘lga kiritilganini o‘ylab ko‘rmaymiz. Hayotga teran nazar solsak, yurtimizda yoshlarning o‘qib-izlanishlari, ko‘zlagan maqsad-rejalariga erishishi uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan o‘g‘il-qizlar havas qilgulik muvaffaqiyatlarga erishayotganiga har qadamda guvoh bo‘lamiz.

Bosuv mahallasida istiqomat qiluvchi Anvar Kamolov va Malohat Qurbonboyevalar oilasidagi ikkinchi farzand Sohiba To‘raboyevaning maktabga ilk qadam qo‘ygan davridanoq ilm olishga, o‘rganishga intilishi  kuchli edi. Ayniqsa, yuqori sinflarga o‘tgani sayin til o‘rganishga qiziqishi kuchli ekanini sezgan ingliz tili fani o‘qituvchisi Muhabbat Bobojonova unga darsdan tashqari ham saboqlar bera boshladi. Natijalar  esa quvonarli bo‘ldi. Sohiba  asosiy fan olimpiadalarida, turli ko‘rik-tanlovlarda, insholar tanlovlarida faol qatnashib, faxrli o‘rinlarni egalladi. 2021-2022 o‘quv yilida esa asosiy fanlar olimpiadasida ingliz tili fanidan qatnashib, tumanda birinchi, Qoraqalpog‘iston bosqichida sovrinli o‘rinni egallagani uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirdi. Bo‘sh vaqtlarida  mahoratli ingliz tili fani o‘qituvchisi Nurbek Jumaniyozovning ham mashg‘ulotlariga qatnab, bilimlarini oshirdi. Natijada Sohiba 2022 yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi DTM tomonidan tashkil etilgan sinovlarda qatnashib, ingliz tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi maxsus V2 milliy sertifikatini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Maktabni muvaffaqiyatli tugatgan Sohiba O‘zbekiston Milliy universitetining ingliz filologiyasi fakultetiga hujjat topshirdi va sertifikati evaziga test sinovlarida ingliz tili blogidan maksimal 93 ballni tanlovsiz oldi. Jami 181,5 ball to‘plab, davlat granti asosida talabalikka qabul qilindi. Bu uning ota-onasi, yaqinlarini, maktabda ta’lim bergan ustozlarini juda quvontirdi.

Sohiba hozirgi kunda O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari safida ilm olishda davom etmoqda.

Yoshlik g‘ayrat-shijoati ila  intilish – shubhasiz, yangi-yangi muvaffaqiyatlarga yo‘l ochadi. Ingliz tili muallimasi bo‘lib, o‘quvchilarga shu tilni chuqur o‘rgatishdek orzulari yo‘lida ilm olayotgan tumanimizning umidli qizi Sohiba To‘raboyevani 11 oktabr – Xalqaro qizlar kuni bilan qutlab, hayot yo‘llaring oydin bo‘laversin, deb qolamiz.

Sevara ISMOILOVA.