VATANPARVAR YOSHLARNI TARBIYALASHDA TASHABBUSKOR TASHKILOT

Туман янгиликлари

 

Yurtimizdagi Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti o‘z faoliyati davomida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasida sportni ommalashtirish hamda kasbga o‘qitish bilan bir qatorda aholining ehtiyojmand qatlamini ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ham bor kuch va imkoniyatini safarbar etib kelmoqda.

Tashkilotning Amudaryo tuman Kengashi o‘quv-sport texnika klubida ham joriy yilgi “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar o‘z muddatlarida, yuqori saviyada tashkil etilib, samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘quv-sport texnika klubida mehnat bozorida talab katta bo‘layotgan avtoelektrik, gaz va elektr payvandchisi, akkumulatorchi, dvigatellarni ta’mirlovchi usta va traktorchi yo‘nalishlari bo‘yicha kurslar tashkil etilgan. Mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan xonalar zamonaviy o‘qitish vositalaridan kompyuterlar, interaktiv doskalar bilan jihozlangan. Darslarni hozirgi zamon talablari asosida olib borish maqsadida sinfxonalar audio va video texnika jihozlari bilan ham ta’minlangan. Shuningdek, proyektor va televizorlar, avtotrenajyor, shahar ko‘rinishidagi maketlar, yangi namunadagi qirqimli avtomobil dvigateli hamda yengil avtomobilning elektrlashtirilgan qirqimli harakatlanuvchi stendi o‘rnatilgan. Yoshlarning mukammal bilim olishlarini ta’minlash maqsadida mashg‘ulotlarga oliy ma’lumotli mutaxassis o‘qituvchilar jalb etilgan.

Tashkilot tomonidan tumanimiz yoshlari bandligini ta’minlash, umuman kelajagimiz egalarining vatanparvar, yurtga sodiq, har tomonloma yetuk va barkamol bo‘lib voyaga yetishiga munosib hissa qo‘shib kelinmoqda.

Joriy yilning shu davriga qadar “Yoshlar daftari”da turuvchilarni kasbga yo‘naltirish maqsadida Yoshlar agentligi tuman bo‘limi tavsiyasi va ko‘magi bilan 102 nafar yoshlar “V” toifali haydovchilik dasturi bo‘yicha o‘qitildi va mutaxassislikka ega bo‘lishiga erishildi. Undan tashqari, o‘quv kurslari mashg‘ulotlarini tugatgan 250 nafari o‘quvchiga “V” toifali, 100 nafar o‘quvchiga “VS” toifali haydovchilik guvohnomalar topshirildi. Ayni paytda “V” toifa bo‘yicha 25 o‘quvchi va “VS” toifa bo‘yicha 75 nafar o‘quvchi mashg‘ulotlarga ishtirok etmoqda. Ularga 3 nafar oliy malumotli o‘qituvchi dars mashg‘ulotlarini o‘tkazib kelmoqda. Amaliy mashg‘ulotlarda esa 12 nafar ta’lim ustalari o‘quvchilarga 14 ta yengil, 5 ta yuk avtomobillari yordamida boshqarishni o‘rgatishmoqda.

O‘quv sport texnika klubida sport to‘garaklari ham yo‘lga qo‘yilgan. Muassasada barcha qulayliklarga ega xonalarda o‘tilayotgan o‘q otish to‘garagida tuman yoshlari muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Shuningdek, sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha musobaqalari tashkil etilib, yoshlarning faol ishtirok etishlari va faxrli o‘rinlar g‘oliblari bo‘lishlariga keng imkoniyat va yetarli sharoitlar yaratilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bir so‘z bilan aytilganda, “Vatanparvar” tashkilotining tuman Kengashi o‘quv-sport texnika klubi jamoasi yoshlarni Vatanni himoya qilishga tayyorlash, ular qalbida vatanparvarlik, yurtga sodiqlik, jasurlik va mardlik tuyg‘ularini mustahkamlash kabi sharafli vazifalarni bajarishda tashabbuskorlik ko‘rsatib kelmoqda.

O.Xudoyberganova.